Tadbirkorlik sohalari, ommaviy axborot vositalari hamda turizm industriyasi hozirgi kunda yoshlarni qiziqtirgan yo`nalishlardan hisoblanadi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, ushbu tarmoqlarni yanada takomillashtirish zarur, buni davrning o`zi taqozo etmoqda. Ushbu sohalar yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmog`laridan bo`lib, ayniqsa, mamlakatimizning har bir hududi o`ziga xos turistik jozibaga ega. Shunday ekan, nega tarixiy va zamonaviy shaharlarimizni dunyoga ko`z-ko`z qilmasligimiz kerak?.. Qolaversa, ikki mamlakat yoshlarining bu kabi festivallarda tez-tez uchrashuvi va do`stlashuvi davlatlar istiqbolini belgilashi ham hech kimga sir emas. Bugungi yoshlar kelajakda davlatning muhim bo`g`inlaridan o`rin egallashadi. Demak ularning bilimini oshirish, dunyo mamlakatlari yoshlari bilan do`stligini ta`minlash, o`z yurtimiz tarixi va qadriyatlarini chuqur o`rganishi uchun bugun harakat qilishimiz lozim. O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu festivalning maqsadi ham shu aslida.
Davlat rahbarlari uchrashuvining davomi sifatida
Xabaringiz bor, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin 18-19 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo`ldi. Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatida O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik holati yuzasidan fikr almashdilar. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o`zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay go`shalarga tashrif
Aynan shu kelishuvlarni amalga oshirish maqsadda tashkil etilgan “O`zbekiston-Rossiya forumi. Hamkorlik, tashabbus va innovasiya” deb nomlangan festival joriy yilning 28 oktyabridan 1 noyabrigacha Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo`lib o`tadi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Rossiya yoshlar ittifoqi hamkorligida o`tkazilayotgan mazkur tadbirda ikki mamlakat yoshlari turizm, ommaviy axborot vositalari hamda tadbirkorlik sohalari doirasida o`zaro malaka almashishadi. Bundan tashqari yurtimiz turistik salohiyatini namoyon etadigan sayohatlar, hunarmandlar ko`rgazmalari, milliy kuy va raqslarga boy madaniy dasturlar ham festivaldan o`rin egallagan. Turizm, tadbirkorlik va ommaviy axborot vositalari borasida so`z yuritiladigan ilmiy-amaliy anjumanlar esa ikki mamlakat yoshlarining malakasini oshirishga, o`zaro tajriba almashishiga samarali platforma bo`la oladi.
Ushbu festivalni munosib tashkil etish uchun O`zbekiston yoshlar ittifoqida qizg`in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Besh kun davom etadigan festivalning dastlabki kunida Toshkent shahri bo`ylab ekskursiya dasturi, jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasiga ziyorat, O`zbekiston yoshlar ittifoqi rahbariyati bilan uchrashuv, festivalning rasmiy ochilish marosimi va turli madaniy tadbirlar o`tkaziladi.
Dilfuza Sobirova






