AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev oliy ta`lim tizimini keskin tanqid qildi

'Shavkat Mirziyoev oliy ta`lim tizimini keskin tanqid qildi 'ning rasmi

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 oktyabr kuni oliy ta`lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasini kengaytirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Yig`ilishda oliy ta`lim muassasalarining nufuzi, professor-o`qituvchilarning ilmiy salohiyati xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib o`ringa ega emasligi qayd etildi.

Ta`lim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-o`qituvchilarni jalb etish yaxshi yo`lga qo`yilmagani tanqid qilindi.

Rektor va prorektorlarni tayinlashda professor-o`qituvchilarning fikri o`rganilmayotgani oqibatida yangi tayinlangan rahbarning jamoa bilan ishlash samaradorligi etarlicha bo`lmayapti.

Ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integrasiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.

Ta`lim jarayoniga innovasion metodikalarni joriy etish, o`quv dasturlarining ishlab chiqarish bilan hamohangligini ta`minlash va eng asosiysi, professor-o`qituvchilar malakasini oshirish ishlari umuman qoniqarsiz ahvolda.

Oliy ta`lim muassasalari faoliyatini o`rganish, ularni attestasiyadan o`tkazib, akkreditasiyalash, hujjatlarni nostrifikasiya qilish tartiblari bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi.

“Iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda oliy ta`lim tizimi taraqqiyotning lokomotivi bo`lish o`rniga, zamon bilan hamqadam bo`lmayotgani achinarlidir. Mehnat bozoridagi tarkibiy o`zgarishlarga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar o`rgatadigan, ularda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantiradigan tizim yo`q desak, bu ham achchiq haqiqat,” – dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu bois sohadagi kechiktirib bo`lmaydigan vazifalarni bajarish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to`lov-kontrakt tizimiga o`tkazish zarurligi ta`kidlandi. Oliy ta`lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag`batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o`z-o`zini moliyalashtirish va iqtisodiy mustaqil tizimga o`tish vazifasi qo`yildi.

Rektorlar va prorektorlarni tayinlashni soddalashtirish, professor-o`qituvchilar faoliyatini doimiy baholash, manzilli rag`batlantirish, mas`uliyat va javobgarligini oshirish tizimini yaratish lozimligi qayd etildi.

O`zbekiston rektorlar kengashi faoliyatini ham tubdan takomillashtirish vaqti kelgani ta`kidlandi. Rektorlar malakasini baholash, bunda ularning ma`naviy-ma`rifiy va ilmiy salohiyatiga alohida e`tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari ta`limdagi eng asosiy vazifa talabalar bilimini baholash, o`quv dasturlari hamda mavjud ta`lim-tarbiya tizimini takomillashtirishdan iborat ekanini ta`kidladi.

Xorijda tahsil olayotgan yoshlarning O`zbekistonga qaytib kelishiga sharoit yaratish maqsadida xorijiy oliy ta`lim muassasalari diplomlarini tan olish va nostrifikasiya qilish tartibini yanada soddalashtirish, oliy ta`lim muassasalarini attestasiyadan o`tkazish va akkreditasiyalash jarayonini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Yig`ilishda O`zbekiston – Rossiya ta`lim forumi natijalariga ham e`tibor qaratildi.

Ma`lumki, ushbu forum yakunida rossiyalik hamkorlar bilan ta`lim va ilmiy faoliyatga oid 114 ta shartnoma va bitimlar imzolangan. Jumladan, O`zbekistonda Rossiyaning 6 ta nufuzli oliy ta`lim muassasasi filiali va 2 ta fakultet ochilishi, 52 ta qo`shma ta`lim dasturi joriy etilishi nazarda tutilgan. Har bir kelishuv bo`yicha “yo`l xarita”lari ishlab chiqilgan.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur “yo`l xarita”larida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Har bir filial, fakultet va qo`shma dasturlar bo`yicha tegishli huquqiy hujjatlarni sifatli ishlab chiqish, tasdiqlash va amaliy ijrosini ta`minlash zarurligi ta`kidlandi.

Tashkil etilayotgan ushbu fakultetlarni filialga aylantirish choralarini ko`rish istiqboldagi vazifalardir.

Yig`ilishda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar asosida professor-o`qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini mustahkamlash, malakasini oshirish, oliy ta`lim tizimiga ilmiy-texnologik ishlanmalar va axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Prezident kelasi yil Rossiyada o`tadigan navbatdagi forumga puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida hozirdan aniq rejalar belgilab olish zarurligini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar