Aholining notarial xizmatlarga ehtiyojining oshganligi notarial idoralarda navbatlarning ko`payishiga sabab bo`lmoqda. Ushbu muammoni echish maqsadida Adliya vazirligi respublika bo`yicha notarial idoralar xodimlari sonini 665 nafarga ko`paytirdi.
Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, Adliya vazirining buyrug`i bilan qo`shimcha 146 ta notarius (ko`payish – 20 foiz), 383 ta notarius yordamchisi (ko`payish – 74 foiz) va 137 ta notarius kotibi (ko`payish –15 foiz) shtat birliklari ta`sis etildi. Shuningdek, 69 ta yangi davlat notarial idoralari ochilishi ko`zda tutilmoqda.
Mazkur qo`shimcha shtatlarni sezilarli ravishda oshirishga vazirlik tashabbusi asosida Hukumat qarori bilan belgilangan notarial idoralarida xodimlar sonini belgilash mezonlari maqbullashtirilgandan keyin imkon yaratildi.
Yangi ta`sis etilgan notarius lavozimlariga tanlov o`tkazish haqidagi e`lonlar «Inson va qonun» gazetasi, Adliya vazirligining rasmiy sayti va «Huquqiy axborot» telegramm kanali orqali berib boriladi.
Mazkur tanlovlarda 25 yoshga to`lgan, oliy yuridik ma`lumotga ega, yuridik mutaxassislik bo`yicha uch yillik ish stajiga ega, notarial idorada 1 yil stajirovka o`tagan va malaka imtihonini topshirgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari qatnashishi mumkin.
2019 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan qonunchilikka kiritilgan o`zgarishga ko`ra, sudya lavozimida besh yil yoki notarius yordamchisi lavozimida uch yil ishlagan shaxslarga notarial idorada stajirovka o`tash talab qilinmaydi.
Yuqoridagi talablarga javob beradigan barcha oliy ma`lumotli huqushunoslarni notarius lavozimlari uchun bo`ladigan tanlovlarda ishtirok etishga taklif etamiz. Bugungi kunda notariuslar oylik lavozim maoshlari (barcha ustamalar va pullik xizmatlardan kelib tushadigan daromadlar bilan hisoblaganda, soliqlar to`langandan so`ng) 4 mln. so`mni tashkil etmoqda. Bu ko`rsatgich Toshkent shahrida 6 mln. so`mni, Samarqand viloyatida 4 mln. so`mni, Farg`ona viloyatida 4,5 mln. so`mni tashkil etmoqda. Ushbu maosh miqdori notarial idora tomonidan ko`satilgan xizmatlar hajmida kelib chiqib yanada ko`proq bo`lishi ham mumkin.






