AsosiyJamiyat

Yangi qo`rilgan uylardan istagan narxda xarid qilib, poytaxtga propiskaga kirish mumkin

'Yangi qo`rilgan uylardan istagan narxda xarid qilib, poytaxtga propiskaga kirish mumkin'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 22.10.2018 yildagi 845-son qarori bilan quyidagi hujjatlarga tegishli o`zgartirishlar kiritildi:

  • O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risidagi nizom;
  • Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to`g`risidagi nizom.

Eslatib o`tamiz, 2017 yil iyul-avgustdan boshlab joriy etilgan tartibga ko`ra, O`zbekiston fuqarolari va chet el fuqarolari yangi qurilgan uyda ko`chmas mulk sotib olish sharti bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan o`tish imkonini qo`lga kiritgan edilar. Parallel ravishda bitimning eng kam summasi haqidagi shart joriy etilgan edi:

  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa mintaqalaridan kelgan va o`sha mintaqalarda doimiy propiskaga ega bo`lgan O`zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun – qiymati 2 500 EKIHdan kam bo`lmagan (material e`lon qilingan sanada – 460 mln 750 ming so`m). Shuningdek oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun 5 foizlik boj to`lash ham talab etilgan;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelgan va yashash guvohnomasiga ega bo`lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar tomonidan – qiymati 600 mln so`mdan kam bo`lmagan. Shuningdek oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun 10 foizlik boj to`lash ham talab etilgan.

Keyinchalik shaxs Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo`lgan shaxslar – O`zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro`yxatining 1-bandi, shuningdek Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinish huquqiga ega bo`lgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar toifalari ro`yxatining 1-bandiga asosan turar joy mulkdori sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan o`tish uchun hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega bo`lgan.

Endi O`zbekiston fuqarolari uchun bitim summasi bo`yicha cheklovlar to`liq olib tashlandi. Bitim summasi miqdori hatto 1 so`m bo`lishi mumkin. Chet el fuqarolari esa, qaysi toifaga mansubligidan qat`i nazar, 3 300 EKIH (material e`lon qilingan sanada – 608 mln 190 ming so`m) to`lashlariga to`g`ri keladi. Shu tariqa, O`zbekistonning boshqa mintaqasida propiskaga ega bo`lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ko`proq to`laydigan bo`ldilar.

Adliya vazirligi 2018 yil fevralda tayyorlagan loyihadan farqli ravishda, qabul qilingan hujjatda propiskaga ega bo`lmay turib ikkilamchi bozorda turar joy sotib olishga ruxsat berilmagan. Garchi bekor qilish taklif etilgan bo`lsa ham, turar joy uchun hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirish tartibi ham saqlanib qoldi.

Ma`lumot uchun: Yangi turar joyni ipotekaga sotib olish propiskadan o`tishga to`sqinlik qilmaydi. Bu haqda batafsil – bu erda.

Bu – muhim! Yangiliklarning amalda joriy etilishi muayyan darajada Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi yo`riqnoma (30.03.2010 yilda 2090-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) qabul qilingan hujjatga muvofiqlashtirilishiga ham bog`liq. Bundan tashqari, O`zbekiston fuqarolari uchun bitim summasining eng quyi chegarasi bekor qilingan ekan, demak, turar joyning oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojini yuqorida bayon etilgan tartibda hisoblab chiqarish mexanizmiga ham o`zgartirish kiritiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 24.10.2018 yildan kuchga kirdi, deb yozmoqda Norma.

    Boshqa yangiliklar