Bugun, 24 oktyabr kuni Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug qo`mondonligi Buxoro viloyati Harbiy-ma`muriy sektori bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi Yoshlar markazida O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Ofiserlarning uslubiy tayyorgarlik darajasi hamda rasionalizatorlik va ixtirochilik ko`nikmalarini oshirishning zamonaviy yo`nalishlari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Anjumanda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, DXX Chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi va Buxoro davlat universitetining professor-o`qituvchilari hamda harbiy kafedra talabalari ishtirok etishdi.
Buxoro viloyati hokimi O`ktam Barnoev tadbir doirasida so`zga chiqib, anjuman ishtirokchilari va uni tashkillashtirishda yordam ko`rsatgan hamkorlarga minnatdorchilik bildirdi.
“Bugungi anjuman harbiylarimizning jangovar shayligini ta`minlashga, ularning nazariy, taktik va amaliy bilim va ko`nikmalarini oshirishga, ishtirokchilarning o`zaro fikr va tajriba almashishiga yana bir bor zamin yaratadi, deb o`ylayman” — dedi O`.Barnoev.
Anjumanda ofiserlarning tayyorgarligini oshirish va ularning dunyoqarashini kengaytirish, rasionalizatorlik, ixtirochilik va innavasion faoliyatidagi ko`nikmalarini oshirish, harbiy bo`linmalarda mavjud ilg`or tajribalarni keng ommalashtirishga qaratilgan mavzularda seminar (master-klass)lar bo`lib o`tdi.
Kunning ikkinchi yarmida harbiy xizmatchilar, Buxoro davlat universiteti professor-o`qituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan ixtirochilik ishlanmalari, innovasion g`oyalar, yangi turdagi texnika va boshqa vositalar maketlari ko`rgazmasi tashkil qilindi.

Tadbir so`ngida anjuman davomida o`rganilgan mavzular va ko`rgazmalar bo`yicha amaliy taklif, tavsiya va tagishli qarorlar ishlab chiqildi. Faol qatnashgan professor-o`qituvchilar va harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi rahbariyati hamda Buxoro viloyati harbiy-ma`muriy sektori tomonidan esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
Ertaga, 25 oktyabr anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Buxoro viloyatida joylashgan tarixiy obidalarga hamda madaniy meros majmualariga tashrif uyushtirishi rejalashtirilgan.






