AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev AQSh savdo vazirini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev AQSh savdo vazirini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo`lib turgan Amerika Qo`shma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi.

Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi ikki tomonlama ko`p qirrali munosabatlarni yanada yuqori darajaga ko`tarib, strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.

AQSh savdo vazirining O`zbekistonga ilk tashrifi tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar doirasida munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan o`zaro manfaatdor va ularning bu boradagi intilishi mushtarak ekanidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o`zaro savdo hajmini oshirish, AQSh etakchi kompaniyalarining to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari, ilg`or texnologiyalari va tajribasini jalb etgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida ta`kidladi.

AQShning jahonga mashhur sanoat xoldinglari, moliya-investisiya korporasiyalari va banklari rahbarlari va vakillari ishtirokida o`tgan O`zbekistonda AQSh biznesi haftaligi tadbirlarining samarali natijalari chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xo`jaligi, logistika va transport sohalarida aniq loyiha va dasturlarni ro`yobga chiqarishda amaliy hamkorlik masalalari ko`rib chiqildi.

O`zbekiston bozorida Amerika kompaniyalarining faoliyatini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, qo`shma loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashildi.

AQSh savdo vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Uilbur Ross, shuningdek, AQSh Prezidenti Donald Tramp geosiyosiy, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikning barcha masalalarida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga yuqori darajada ishonishini ta`kidladi. Donald Tramp davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashini qayd etdi.

Uilbur Ross mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hamda AQSh biznesida katta qiziqish uyg`otayotgan, uning O`zbekistonda faoliyat yuritishi uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan islohotlar sur`ati va miqyosini yuqori baholadi.

O`zbekiston bilan AQSh o`rtasida ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo`lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirildi.

    Boshqa yangiliklar