Maktabgacha ta`lim vazirligi Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumanidagi 433-sonli maktabgacha ta`lim muassasasida ovqatdan zaharlanishning tahliliy natijalarini ma`lum qildi.
Xabarda aytilishicha, ushbu bog`chaning 37 nafar tarbiyalanuvchisi bundan bir necha kun oldin oziq-ovqatdan zaharlanishi oqibatida kasalxonaga yotqizilgandi.
Vazirlik xabar berishicha, hozirgi vaqtda barcha bolalar kasalxonadan chiqarildi.
Bolalardan tahlil namunalari olinib, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati (DSEN) bakteriologik laboratoriyasiga yuborildi.
“Ovqat tayyorlash texnologiyasining qo`pol buzilishi va sanitar qoidalarga rioya qilmaganlik sababli, 2018 yilning 5 oktyabrida 433-sonli MTMning oshpazlari tomonidan tayyorlangan “teftellar”da ehtimol Shigella Fleksner 1b serotipi (xalqaro kasalliklari tasnifi bo`yicha A05.8) ovqatdan zaharlanishni keltirib chiqargan”, - deyiladi DSEN xulosasi bo`yicha Laboratoriya tahlili natijalarida.
Ammo aynan Shigella Fleksner oqibatida ovqatdan zaharlanishning dastlabki tashxisi to`liq tasdiqlanmagan. Tashxis natijalariga ko`ra, 37 nafar boladan faqat 6 nafarida ushbu mikroorganizm aniqlandi.
Shuningdek, maxsus sovutgichdagi qopqoqli steril shisha idishlarda saqlanadigan kunlik ovqat namunalari ham tekshirildi. Namuna so`nggi ovqatlanishdan 72 soat keyin (8 oktyabrda) olingan. Uzoq vaqt o`tganiga qaramay, laboratoriyada bakteriologik tekshiruvlar ovqat namunasidan Shigella Flexnerni topmadi.
"Epidemiologik tekshirish va laboratoriya tadqiqotlari natijalari muassasaning oshxonasida sanitariya me`yorlari va qoidalariga rioya qilmaslikni ko`rsatmoqda. 433-sonli MTMda dezinfeksiya va yuvish vositalari zaxirasi etarli darajada bo`lishiga qaramay, tekshiruv vaqtida MTM xodimlari tomonidan kunlik foydalanish etarli darajada emasligi aniqlandi”, - deyilgan vazirlik xabarida.
Tekshiruv natijalariga ko`ra, MTMning 15 nafar xodimi, rejali tibbiy ko`rikdan o`tmaganligi uchun ishdan bo`shatildi. Hamshira va barcha oshxona xodimlari ishdan bo`shatildi, MTM rahbarining lavozimiga mos kelish masalasi ko`rib chiqilmoqda.
Ta`kidlanishicha, aniqlangan qoidabuzarliklar bo`yicha materiallar Bosh prokuraturaga berildi.






