AsosiySiyosat

Kerolin Lemm: O`zbekiston bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ishga solamiz

'Kerolin Lemm: O`zbekiston bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ishga solamiz'ning rasmi

Amerika – O`zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm O`zbekiston bilan AQSh o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari haqida O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi:

– Avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylarining farmoniga muvofiq O`zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – «Do`stlik» ordeni bilan taqdirlanganimdan g`oyat mamnun ekanimni aytmoqchiman. Bu mukofot ko`p yillik do`stona hamkorligimizni yanada rivojlantirish yo`lida menga katta ishonch va rag`bat bag`ishlaydi.

Bugungi muzokaramizda O`zbekistonda iqtisodiy, investisiyaviy, shuningdek, me`yoriy-huquqiy sohalarni takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan muhim o`zgarishlar haqida fikr almashdik.

Davlatingiz rahbari tashabbusi bilan ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaxshilash, O`zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo`yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ta`kidlash joizki, Amerika – O`zbekiston savdo palatasiga a`zo kompaniyalar o`zbekistonlik sheriklar bilan ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha imzolangan anglashuv memorandumlari asosida aloqalarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratmoqda. Ushbu kelishuvlar doirasida Amerika kompaniyalari mamlakatingizga 10 milliard dollarlik investisiya kiritish niyatida.

O`zbekiston bilan samarali hamkorligimiz 2017 yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki doirasida Nyu-York shahrida o`tgan uchrashuvimizdan so`ng yangi bosqichga chiqdi. Joriy yil may oyida davlatingiz rahbarining Amerika Qo`shma Shtatlariga rasmiy tashrifi chog`idagi muzokaramiz o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yo`lida muhim qadam bo`ldi. Ushbu tadbirda O`zbekiston bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo`yicha salmoqli hujjatlar imzolandi.

23 oktyabr kuni boshlanadigan Amerika biznesi haftaligi tadbirlari o`zbekistonlik sheriklar bilan o`zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ishga solishga xizmat qiladi. Ushbu tadbirlarda qator hujjatlar imzolashni mo`ljallayapmiz. Bu amerikalik sarmoyadorlar tomonidan O`zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investisiyalar hajmini yanada oshirishda muhim omil bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar