AsosiySport

O`zbekistonda yangi badminton markazi ochiladi

'O`zbekistonda yangi badminton markazi ochiladi'ning rasmi

Bosh vazir o`rinbosari, O`zbekiston badminton federasiyasi raisi Aziz Abduhakimov federasiyaning yangi mashg`ulot majmuasida yakunlangan ta`mirlash ishlarini ko`zdan kechirdi.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani Muqimiy ko`chasida joylashgan ushbu yangi majmua yaqin 10 kun ichida tashrif buyuruvchilar uchun o`z eshiklarini ochadi. Ta`mirlash ishlari homiylik mablag`lari asosida amalga oshirildi. Majmua O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizda sportni ommalashtirish bo`yicha bergan ko`rsatmasiga asosan bunyod etilgan. Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yilning 20 sentyabrida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazgan va unda mamlakatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirish, ommalashtirish bo`yicha bir qator muhim ko`rsatmalar belgilab berilgandi.

Qayd etish lozimki, badminton jarohat olish ehtimoli juda kam bo`lgan sport turi hisoblanadi va u bilan barcha yoshdagi insonlar shug`ullanishlari mumkin. Badmintonni «raketka bilan o`ynaladigan shaxmat» deb ham atashadi. Chunki, o`yin davomida sportchi zarbalarning turli usullarini tezkorlik bilan o`ylab, amalga oshirishi lozim. Bunga erishish uchun albatta tezkor fikrlash talab etiladi. Badminton bilan shug`ullanish uchun lozim bo`lgan bunday hislatlarga esa albatta mashg`ulotlar va musobaqalarda erishiladi.

Umid qilamizki, ushbu sport majmuasi olimpiya sport turi hisoblangan badminton bo`yicha O`zbekistonga yangi chempionlarni tarbiyalab beradi.

    Boshqa yangiliklar