AsosiyJamiyat

Hokimlarga huquq, tadbirkorlarga imkoniyat berildi

'Hokimlarga huquq, tadbirkorlarga imkoniyat berildi'ning rasmi

Prezident farmoniga sharh

Bugun jamiyatimizda “qulay tadbirkorlik va investisiya muhitini yaratish” masalasi muhim o`ringa ko`tarilgan.

Xo`sh, qulay tadbirkorlik muhitining o`zi nima?

Qulay tadbirkorlik muhiti, avvalo, byurokratiyadan xoli, tezkor ishlaydigan tizim deganidir. Bunda tadbirkorlar kam vaqt va kam pul sarflagan holda yuqori natijalarga erishishlari mumkin. Tadbirkorlarda yangidan yangi g`oyalar tug`ilishi uchun rag`bat paydo bo`ladi, bu esa, o`z navbatida, iqtisodiy o`sish va ijtimoiy barqarorlikni, alaloqibat, xalq turmushi farovonligini oshiradi.

Shu paytgacha ortiqcha qog`ozbozlik va yugur-yugurlar ishbilarmonlar qatlamining turli tashabbuslari yo`liga g`ov bo`lib kelayotgan edi.

Mazkur to`siqlarni bartaraf etish maqsadida so`nggi paytlarda turli qonun hujjatlari qabul qilinmoqda. O`tgan haftada Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Davlat mulki ob`ektlarini va er uchastkalariga bo`lgan huquqlarni tadbirkorlik sub`ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmon ham shunday muhim hujjatlardan biridir. Farmonda mamlakatimizda tadbirkorlik va investisiya faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida yangi yondashuvlar nazarda tutilgan.

Ushbu farmon asosida 2019 yilning 1 apreliga qadar davlat ob`ektlari va erlarga bo`lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo`yicha eksperiment o`tkaziladi. Quyida ana shu eksperimentning muhim jihatlariga e`tibor qaratamiz.

Hokimlarga qo`shimcha huquqlar berildi

Birinchidan, ma`lumki, ko`p hollarda ko`chmas mulk ob`ektlari o`ta qimmat narxlarda savdoga chiqarilgani sababli, tadbirkorlar bunday ob`ektlarni sotib olishga qiziqmasdi.

Endilikda viloyat hokimlari bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlarini baholamay turib 1 so`m qiymatdagi boshlang`ich narxda “E-IJRO AUKSION” orqali investisiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda sotish vakolatiga ega bo`lishdi.

Ta`kidlash lozim, bunda Prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki hokimiyat qarorlariga asosan avval savdolarga chiqarilgan davlat mulki ob`ektlari ham muayyan shart qo`yilib, ya`ni investisiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda — 1 so`mga teng qiymatdagi boshlang`ich narx bilan “E-IJRO AUKSION” orqali sotiladi.

Qolgan ko`chmas mulk ob`ektlari esa qayta baholanmaydi, ular auksion o`tkazish kunidagi narx bo`yicha “E-IJRO AUKSION” orqali sotiladi.

Bu borada belgilanadigan majburiyatlarning tushunchasi bo`yicha savol tug`ilishi tabiiy. Investisiyaviy majburiyat pul bahosiga ega bo`lgan va qonun hujjatlariga zid bo`lmagan shakllarda amalga oshiriladigan majburiyatlarni o`z ichiga oladi.

Investisiyaviy majburiyatga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin:

· ishlab chiqarishni modernizasiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun xom ashyo va materiallar, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar etkazib berish;

· ta`mirlash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;

· ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish;

· sotib olingan ob`ektning davlat byudjeti oldidagi qarzlarini, kreditlar va boshqa majburiyatlarini to`liq yoki qisman to`lash;

· mahsulotlar, ishlar va xizmatlarning muayyan turini ishlab chiqarishni o`zlashtirish va hokazo.

Ijtimoiy majburiyatlar esa aksincha pul bahosiga ega bo`lmagan va qonun hujjatlariga zid bo`lmagan shakllarda amalga oshiriladigan quyidagi majburiyatlardan iborat bo`lishi mumkin:

· nou-xauni, intellektual mulkning boshqa turlarini joriy etish;

· kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga xarajat qilish;

· ishlab chiqarish ob`ektining avvalgi faoliyat sohasini saqlab qolish va hokazo.

Bundan tashqari, farmon bilan Majburiy ijro byurosi tomonidan tuman (shahar) hokimliklariga sud qarorlariga muvofiq davlat tasarrufiga o`tkazilgan bir qator noturar joylar sotish uchun o`tkazilishi belgilandi.

ikkinchidan, farmonga ko`ra ayrim shartlar asosida er uchastkalari va bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlari auksionsiz ham berilishi mumkin bo`ldi. Bu masala bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlariga qo`shimcha vakolat berildi.

Unga ko`ra Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion o`tkazmasdan, investor bilan to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar orqali er uchastkalarini berish va bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlarini sotish to`g`risida qarorlar qabul qiladi.

Bunda tadbirkor investisiyaviy majburiyat, ya`ni kamida 1 mln. AQSh dollarlik investisiya kiritish hamda boshqa ijtimoiy majburiyatni o`z zimmasiga olishi kerak bo`ladi.

Ta`kidlash lozimki, ilgari, ya`ni ushbu farmon qabul qilingunga qadar har qanday tadbirkor unga ishlash uchun er uchastkasi zarur bo`lganda u “E-IJRO AUKSION” orqali er uchastkasini sotib olishi zarur bo`lgan, bunga tadbirkorning bir oydan ortiq vaqti sarflanar edi. Tadbirkorlar uchun esa, vaqt bu pul demakdir. Qancha ko`p vaqt tejalsa shuncha ko`p pul tejaladi.

Endilikda esa, tadbirkor tegishli er uchastkasini tezkorlik bilan sotib olmoqchi bo`lsa undan 1 mln AQSh dollarlik investisiya kiritib, muayyan ijtimoiy majburiyatni o`z zimmasiga olishi kifoya qiladi.

uchinchidan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari “E-IJRO AUKSION”da auksionga chiqarish uchun er uchastkalarining joylashgan hududidan kelib chiqib, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo`mitasi va “Davergeodezkadastr” qo`mitasining hududiy boshqarmalari tavsiyalariga asosan, har bir tuman bo`yicha bo`sh er uchastkalaridan foydalanish huquqining

(0,01 ga maydoni uchun) boshlang`ich bahosini har chorakda tasdiqlash vakolatiga ega bo`lishdi.

Oldinlari sotuvga chiqariladigan er maydonining boshlang`ich bahosi tuman Davlat soliq inspeksiyalari tomonidan er maydonining joylashgan zonasi, er boniteti va boshqa parametrlar asosida hisoblab chiqiladigan yillik soliq stavkasidan kelib chiqib belgilanar edi. Oqibatda, er maydonining boshlang`ich bahosi bozor narxidan anchayin past narxni tashkil qilar edi.

Endilikda bu muammolar ham bartaraf etildi.

to`rtinchidan, erlarning sifati va tabiiy ishlab chiqarish unumdorligini qiyosiy baholash (tuproq bonitirovkasi) Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari buyurtmasi asosida uch yildan ortiq muddat davomida tuproq bonitirovkasi olib borilmagan 3 gektargacha maydonga ega er uchastkalarida mahalliy byudjet hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo`yildi.

Tuproq bonitirovkasining asosiy vazifalaridan biri erlarni noqishloq xo`jalik maqsadlari uchun (misol uchun tadbirkorlik, uy-joy qurish) ajratishni asoslash uchun o`tkaziladi.

beshinchidan, avvallari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq er uchastkalari faqat ijaraga, ya`ni foydalanishga berilar edi. Bu jarayonning eng katta kamchiliklaridan biri shaffoflik

va xolislikning mavjud emasligida edi.

Endilikda, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan “E-IJRO AUKSION” orqali sug`orilmaydigan erlar toifasiga kiradigan er uchastkalaridan vaqtincha foydalanish huquqini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun investisiyaviy (kamida 1 mln. AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda 50 yil muddatga sotish mumkin.

oltinchidan, farmon bilan yana bir yangi tartib belgilandi. Unga ko`ra xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo`llariga tutash hududlardagi barcha toifadagi er uchastkalar namunaviy loyihalar bo`yicha yo`lbo`yi va turistik infratuzilma ob`ektlarini tashkil etish uchun “E-IJRO AUKSION” orqali sotiladi.

Namunaviy loyihalar Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi. Faqat, sug`oriladigan qishloq xo`jaligi erlarini sotishda Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bo`yicha komissiya bilan kelishish lozim.

Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo`llariga tutash hududlardagi er uchastkalari toifalarga bo`lgan holda ro`yxati va narxini shakllantirishi hamda “E-IJRO AUKSION” chiqarish talab qilinadi.

ettinchidan, amaliyotda ko`pgina hududlarda savdo, ko`ngilochar va umumiy ovqatlanish ob`ektlari jamoat tartibini saqlash nuqtai nazardan tungi vaqtlarda faoliyat yuritishlari cheklanar edi.

Endilikda farmonga muvofiq maxsus hududlar belgilanadi va u erda tungi vaqtda savdo-ko`ngilochar va umumiy ovqatlanish ob`ektlarini ishlashi cheklanmaydi.

Buning uchun, viloyat hokimlari sayyohlar uchun dam olishni tashkil etish dasturlarini tasdiqlaydi hamda Nukus shahri, viloyatlar markazlari va sayyohlar tashrif buyuradigan boshqa joylarda savdo-ko`ngilochar va umumiy ovqatlanish ob`ektlari faoliyatini tungi vaqtda cheklanmaydigan hududlarni aniqlaydi.

Ushbu hududlarda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash kuchlarining 3 smenali rejimdagi patrullari jamoat tartibi va xavfsizligini ta`minlaydilar.

Tartib-qoidalarning soddalashtirilgani investorlar uchun qulaylik yaratdi

Eksperiment davrida davlat ko`chmas mulk ob`ektlari uchun xususiylashtirish komissiyasi ishining umumiy muddati u tashkil etilgan paytdan boshlab 20 kundan oshmaydi. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mazkur muddat 2 oyni tashkil qilar edi.

Amaldagi qonun hujjatlariga ko`ra davlat ko`chmas mulk ob`ekti bo`yicha oldi-sotdi shartnomalarini tuzish savdo natijalari (muzokaralari) bo`yicha bayonnoma imzolangandan so`ng 20 kundan ortiq bo`lmagan muddatda amalga oshirilishi belgilangan bo`lsa, ushbu muddat farmonda 10 kunni tashkil qiladi.

Farmonda belgilangan tartibga ko`ra mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi esa sotib olish to`lovlari va penya (yuzaga kelgan taqdirda) to`liq hajmda tushgan kundan boshlab 5 kun ichida beriladi (amalda 10 kun).

Shuningdek, tasarruf etish huquqi esa, xaridorga investisiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar to`liq bajarilgan (ular belgilangan taqdirda) deb topilgan va penya (yuzaga kelgan taqdirda) to`liq hajmda to`langan kundan boshlab beriladi (amalda bir yildan so`ng).

Balansda saqlovchi oldi-sotdi shartnomasi xaridor tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun ichida qabul qilish-topshirish dalolatnomasi rasmiylashtirilishini va sotilgan ob`ektning xaridorga topshirilishini ta`minlashi shart (amalda 1 oy).

Tadbirkorlarga qo`shimcha qulaylik yaratish maqsadida eksperiment davrida davlat mulki ob`ektlarini xususiylashtirishga buyurtmanoma berganlik uchun undiriladigan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdoridagi yig`im hamda mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini berganlik uchun davlat bojini undirish bekor qilindi.

Farmonga ko`ra Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan sotiladigan davlat mulki ob`ektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan davlat ob`ektlarini sotishga tayyorlashda xulosalar berilishi Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjeti va tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshirilishi belgilab berildi.

Hududlarda o`rganishlarda ma`lum bo`lgan asosiy muammolarning biri ayrim hududlarning hozirga qadar bosh loyihalarini mavjud emasligidir.

O`z o`zidan ma`lumki, hududning bosh loyihasi bo`lmasa, u erda tadbirkorlik faoliyati uchun er maydoni ajratish imkoniyati mavjud emas.

Shu sababli, farmonda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oylik muddatda, hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashlari bilan kelishgan holda, bosh reja mavjud bo`lmaganda har bir aholi punkti kesimida 2018-2019 yillarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun beriladigan er uchastkalarini joylashtirish sxemalarini tasdiqlab olishi va uni keyinchalik tegishli bosh rejalarda aks ettirish uchun Qurilish vazirligiga taqdim etishi belgilandi.

Er uchastkalari, bino-inshootlaridan samarali foydalanishga e`tibor qaratildi

Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlarining qaroriga asosan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning qishloq xo`jaligi ekin erlari tarkibiga kirmaydigan, foydalanilmasdan turgan er uchastkalari, ularning egalariga ko`chmas mulkdan samarasiz foydalanganlik holatlarini ko`rsatgan holda, investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun er maydoni egasining roziligisiz olib qo`yilishi mumkin.

Bunda kelgusida turli tushunmovchilik kelib chiqmasligi uchun hokimliklardan er uchastkalari maydonlarining uchastkalari uning roziligisiz o`zgartirilayotgan fermerlarga ushbu o`zgartirishning sababini to`g`ri tushuntirishi va asoslab berishi talab etiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish uchun hududlarda faoliyat yuritayotgan ishchi guruhlar tomonidan vazirlik, idoralar va xo`jalik boshqaruv organlariga tegishli 1000 dan ortiq bo`sh turgan ko`chmas mulk ob`ektlarianiqlandi.

Farmon bilan mazkur holat yuzasidan quyidagilar belgilandi:

bo`sh turgan ko`chmas mulk ob`ektlari negizida qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko`zda tutilgan ob`ektlar ro`yxatini tasdiqlash;

faoliyatiga mos bo`lmagan va foydalanilmayotgan bo`sh turgan ko`chmas mulk ob`ektlarini, zarurat bo`lganda 10 yilgacha muddatga bo`lib to`lash imkoniyatini ko`zda tutgan holda, savdolarga chiqarish;

foydalanilmayotgan erlar va faoliyat ko`rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini ularning negizida kichik sanoat zonalarini barpo etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlariga berish bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar ishlab chiqish.

Investisiya loyihalarini qo`llab-quvvatlashning samarali mexanizmi ishlab chiqildi

Farmon bilan viloyat hokimlariga tegishli byudjetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilgan summalarini Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasini yillik ikki foizga kamaytirilganiga teng foiz stavkasida tijorat banklariga resurslar ajratish orqali investisiya loyihalarni moliyalashtirishga sarflash huquqi berildi.

Bunda kredit liniyalari quyidagi yo`nalishlarda ochiladi:

mehmonxonalar va turistik infratuzilmaning boshqa ob`ektlarini qurish;

tayyor mahsulot va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishning, shuningdek, xizmat (ish) turlarining yangi quvvatlarini tashkil qilish;

mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko`rsatishni yo`lga qo`yish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunikasiya, yo`l-transport va ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini, boshqa asosiy fondlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlash.

Xulosa qilib aytganda, “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da imzolangan ushbu farmon yurtimizda qulay investision muhitni yaratish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadam bo`ldi.

Shahnoza To`raxo`jaeva,

Adliya vazirligi mas`ul xodimi

    Boshqa yangiliklar