AsosiyJamiyat

REGNUM: “O`zbekiston va Rossiya yoshlar tashkilotlari hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda”

'REGNUM: “O`zbekiston va Rossiya yoshlar tashkilotlari hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda”'ning rasmi

Rossiya Federasiyasi Prezidentining O`zbekistonga davlat tashrifi davom etayotgan bir pallada Rossiyaning nufuzli Regnum axborot agentligida Yoshlar ittifoqining faoliyatiga oid “O`zbekiston va Rossiya yoshlar tashkilotlari hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda” deb nomlangan maqola e`lon qilindi.

Maqolada o`tgan davr mobaynida, O`zbekiston yoshlar ittifoqi va Rossiya yoshlar ittifoqi o`rtasida o`zaro hamkorlik yo`lga qo`yilgani ta`kidlanadi va jumladan shunday deyiladi:

“...Rossiya yoshlar ittifoqi” Umumrossiya jamoat tashkiloti O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va o`rtasida yoshlar masalalari sohasida o`zaro hamkorlik to`g`risidagi anglashuv memorandumi (2017 yil 8 noyabr, Moskva shahri) imzolandi.

Mazkur memorandum tomonlar o`rtasida yoshlar masalalari yuzasidan o`zaro hamkorlik, sohalari va tartibini belgilash, ikki mamlakat yoshlari o`rtasidagi aloqalarni kuchaytirish hamda o`zaro fikr almashish asosida mamlakatlar o`rtasida yoshlar masalalari sohasidagi hamkorlikni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan.

2017 yilning 14-22 oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasining Sochi shahrida bo`lib o`tgan XIX Umumjahon yoshlar va talabalar festivalida O`zbekiston yoshlar ittifoqining 56 nafar faollaridan iborat delegasiyasi ishtirok etdi.

2017 yilning 30 oktyabr – 9 noyabr kunlari O`zbekiston Respublikasi delegasiyasining Rossiya Federasiyasining Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Astraxan va Moskva shaharlariga xizmat safari amalga oshirildi.

Safar davomida ushbu shaharlardagi mehnat qilayotgan va ta`lim olayotgan o`zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, ularning yashash sharoitlari, muammolari o`rganilib, ularga amaliy yordam berildi.

Safar davomida 50 dan ortiq ochiq muloqotlar tashkil etilib ularda 19 000 o`zbekistonlik yoshlar qamrab olindi”.

Shundan so`ng maqolada imzolangan memorandumga asosan, 2018 yilning 12-17 fevral kunlari O`zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida “Ikkinchi O`zbekiston – Rossiya yoshlar forumi” tashkil etilgani haqida so`z yuritiladi va16 fevral kuni Samarqand iqtisodiyot institutida yoshlar turizmi yo`nalishida hamkorlikning asosiy yo`nalishlari muhokama qilingan davra suhbatidan so`ng Rossiya – O`zbekiston Yoshlar turizmi markazini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgani qayd etiladi.

Maqolada joriy yilning 1 – 7 oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasining Moskva, Astraxan va Volgograd shaharlarida III Rossiya va O`zbekiston yoshlar forumi bo`lib o`tgani va unda Belgorod shahrida birinchi Rossiya - O`zbekiston yoshlar biznes-inkubatorining ochilgani ta`kidlanadi. Tabiiyki, ushbu biznes inkubatordan ikki tomon yoshlarining ham umida katta.

Davlat rahbarlarining bugungi oliy darajadagi muzokaralari davomida 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, O`zbekistonda Rossiyaning etakchi oliy ta`lim muassasalarining filiallarini tashkil etish va faoliyatini ta`minlash to`g`risidagi kelishuv kabi ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan. Shunday ekan, O`zbekiston-Rossiya yoshlari o`rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib boraveradi.

Ma`lumot o`rnida

Regnum Rossiyaning mashhur axborot agentligi bo`lib, uning lentasida kuniga 700 tadan ortiq yangilik joylanadi. 150 nafar rossiyalik va xorijlik korrespondentlar esa federal okruglar, hududlar bo`yicha maqolalar tayyorlab berishadi.

Agentlik ikki marta (2005, 2006) yillarda ROTOR versiyasiga ko`ra “Yilning informasion sayti” nomiga munosib ko`rilgan.

2006 yilda Runet mukofotiga sazovor bo`lgan.

Axborot agentligining oylik auditoriyasi 4,3 mln kishidan ortiq. Hatto Yandeks.Novosti va NewsRu.Comni ham undan kamroq kishi o`qiydi. “Onlayn-monitor” o`tkazgan auditoriya tadqiqoti natijasiga ko`ra Regnumni asosan hukumat vakillari, bank xodimlari, yuristlar va boshqa rahbarlar o`qishadi.

Kompaniya tasarrufiga quyidagi axborot agentliklari kiradi:“Regnum-Volgainform” (Samara — Cheboksar), “Severinform” (Vologda), “Regnum — Arxangelskie novosti” (Arxangelsk), hududiy loyihalar “Gorod_24” (Bryansk, Smolensk), Regnum-MurmanNews (Murmansk), Regnum-MariNews (Yoshkar-Ola), “Regnum-Baltika” (Sankt-Peterburg), “Regnum-Altay” (Barnaul), “Regnum-Primore” (Vladivostok) va boshqalar.

Axborot agentligiga 2002yil 22 iyul kuni Boris Sorkin va Modest Kolerovlar asos solishgan.

    Boshqa yangiliklar