O`zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quranboev Qoraqalpog`istonda bo`lib o`tgan «Yoshlar sport haftaligi» doirasida qoraqalpog`istonlik ijodkor, taniqli bloger, Kruz.uz sayti asoschisi marhum Furqat Yusupovning 10 ming nusxadagi ijod namunalari jamlangan kitobi chop etilishini ta`kidladi. Yoshlar etakchisi blogerning onasi bilan uchrashib, oila a`zolari holidan xabar oldi.
Onasining aytishicha, Qahramon Quranboev Furqatning ijodini va tashkilot tizimidagi faoliyatini yuksak qadrlagan. Uning ijodiy ishlaridan tarkib topgan yangi kitobini 10 ming nusxada chop etilishiga va`da bergan.
Furqat Yusupov umri davomida 6000 dan ortiq xalq dardi, yoshlar muammolarini hal etishga doir dolzarb mavzularda maqolalar yozgan. Ular yaxlit kitob holida chop etilmagan. Furqat Yusupovning o`zi xomaki nusxada bir nechta kitob chiqargandi. Mana shu kitoblar va eng sara maqolalar kitob holida nashr etish uchun taqdim qilindi. Hozircha kitobning nomi ma`lum emas. Mazkur kitob Furqat Yusupovning tug`ilgan kunida ya`ni joriy yilning 11-dekabrida chop etiladi.
Yil yakuniga qadar 10 ming nusxadagi kitoblar blogerning muxlislariga etib boradi.
Mazkur kitob mutolaasi orqali Furqat Yusupovning yangi, hech kim bilmagan qirralarini kashf qilasiz. Uning maqolalarida xalq dardi, yoshlarning orzu-istaklari, maqsadlari hayotiy va xalqchil tilda aks ettirilgan. Maqolalarini o`qish davomida bunga o`zingiz amin bo`lasiz.
Ma`lumot uchun, taniqli jurnalist Furqat Yusupov 1992-yil 11-dekabrda tug`ilgan. Shu yilning 7-iyun kuni baxtsiz hodisa tufayli vafot etdi. U asos solgan Kruz.uz sayti 2016-yilda «Milliy internet tanlovi»da «Ikki tilda yaratilgan eng yaxshi sayt» nominasiyasi g`olibi bo`lgan. U vafotiga qadar O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashining matbuot kotibi lavozimida faoliyat olib bordi.






