Jahon banki Indoneziyaga zilzila va sunami oqibatlari bilan kurashish uchun 1 mlrd dollar miqdorida moddiy yordam ko`rsatishini ma`lum qildi, deb xabar berdi TASS nashri.
Bank vakillari ajratiladigan mablag`lar tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, infratuzilma va muhim ob`ektlarni tiklash uchun ishlatilishi mumkinligini ma`lum qilishgan. Bundan tashqari, moliyaviy yordam eng nochor 150 ming oilaga 6 oydan bir yilgacha pul o`tkazmalari amalga oshirilishini ko`zda tutadi. Bu chora tiklanish vaqtida aholining bandligini qo`llab-quvvatlashga imkon beradi.
Mablag`lar, shuningdek, iyul oyining oxiri –avgust oyining boshida zilzilalardan jabr ko`rgan Lombok orolini tiklashga ham mo`ljallangan. Jahon bankining ma`lum qilishicha, ushbu mablag`lar Indoneziya rahbariyatining tegishli so`rovidan keyin taqdim qilinadi. Bankning hisob-kitobiga ko`ra, Markaziy Sulavesi viloyatida tabiiy ofatlardan ko`rilgan iqtisodiy ziyon 531 million dollarga yaqinni tashkil qilgan.






