Toshkent viloyati Qibray tumanida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha yangi tayinlangan mutaxassislar uchun o`quv-seminar o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Viloyat xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar, xalq ta`limi, sog`liqni saqlash boshqarmalari xodimlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo`limi vakillari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi faollari ishtirok etdi.
Eslatib o`tamiz, Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, barcha mahalla fuqarolar yig`inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha mutaxassis lavozimi joriy etilgan edi.
Bunday seminarlar O`rta Chirchiq va Ohangaron tumanlarida ham o`tkazildi. Soha xodimlari tomonidan ishlash istagida bo`lgan xotin-qizlarning manzilli ro`yxati shakllantirilib, ularning bandligini ta`minlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandlikka keng jalb etish bo`yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.






