Bu gapga ishonmaydigan ayolni topish biroz mushkulroq. Bunga, albatta, ishi bor yoki oilasi ta`minlangan ayollar e`tibor bermasligi mumkin. Lekin pulga zoriqib turgan yoki ish topa olmayotgan xotin-qizlar bunga darrov rozi bo`lishi turgan gap.
Mana shunday vaziyatdagi opa-singillarimizning ko`pchiligi Turkiya, Dubay, Rossiya va boshqa davlatlarga pul ishlash ilinjida yo`l olayotgani, alal-oqibat aldanib qolayotgani sir emas.
To`rt devor ichiga qamalgan, tutqunlikda azob berilgan, tuban ishlarga majbur etilgan xotin-qizlar... Ularning ko`pchiligi bu chohga aldov yo`li bilan tushiriladi.
Ularni bundan kim qutqaradi? Huquqlari, izzat-nafsi toptalgan, yo`lini yo`qotgan xotin-qizlar hayotga qanday qaytariladi?
Zero, aldov, og`ir ruhiy zarba, orttirilgan kasalliklardan keyin ko`pchilik ayollarda yashash istagi so`na boshlaydi. Bunday vaziyatdagi ayolga huquqiy ko`mak, psixologik yordam ko`rsatish, kasb-hunar o`rgatish, ishga joylashtirish zarur.
Shu kabi o`ksik qalblarga qatra nur olib kirishni niyat qilgan “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazining olib borayotgan faoliyati e`tirofga loyiq.
2001 yilda tashkil etilgan mazkur markaz o`tgan o`n etti yilda odam savdosidan jabrlangan 8 mingga yaqin insonlarning hayotda o`z yo`lini topishiga ko`maklashdi.
– Samarali faoliyat yuritishimizda 2008 yil 17 aprelda, ya`ni bundan o`n yil muqaddam qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining "Odam savdosiga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonuni muhim o`rin tutdi, – deydi Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi direktori Nodira Karimova. – Chunki qonunda odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha ijtimoiy hamkorlikning huquqiy asosi mustahkamlandi. Bu global muammolardan biri sanalgan odam savdosining oldini olish, unga qarshi kurashish bo`yicha davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi rivojlanishiga, o`z navbatida, markazimiz faoliyati kengayishiga keng yo`l ochdi.
Uzoq yillar Toshkent shahri miqyosida faoliyat yuritgan “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markaziga yaqinda Respublika maqomi berildi. Bu markazning odam savdosidan jabrlanganlarga ko`mak ko`rsatish miqyosi kengaygani, faoliyat samaradorligi ortgani tufaylidir.
Xalqaro hamkorlik asosida tashkil etilgan markazning “Dolzarb aloqa tarmog`i” mavjud. Ko`pincha odam savdosi jabrlanuvchilari mazkur tarmoqqa murojaat qiladi. Ularga yordam berish uchun markaz psixologlari, huquqshunoslari doimo aloqada. Jabrlangan fuqaro joyi aniqlangach, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda uni qaytarish chorasi ko`riladi. Xorijdan qaytarilgan jabrlanuvchilarning sog`lig`ini tiklash, ularga ruhan dalda bo`lish imkoniyatlari ishga solinadi. Keyingi bosqichda - markazda ochilgan o`nga yaqin hunar to`garaklari orqali ularga kasb-hunar o`rgatiladi va ishga joylashtirish chorasi ko`riladi.
Mana shunday amaliyot tufayli o`tgan yillarda minglab opa-singillarimiz hayotda qayta to`g`ri yo`l topishga muvaffaq bo`lishdi.
Muattar Ro`ziboeva, O`zA






