Rossiya bozorlarida O`zbekistonning “Ravon” markasidagi barcha avtomobillar narxi oshdi. “Avtostat” agentligi tahlilchilari buning sababini aytib o`tishdi, deb yozadi "Xalq so`zi" nashri.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu modellarning qimmatlashuvi birinchi navbatda utilizasiya bo`yicha to`lov hajmining oshishi bilan bog`liq. Gap shundaki, Rossiyada 1 apreldan boshlab ushbu mamlakatga transport vositalarini olib kirishdagi soliq stavkalari oshirildi. Oqibatda 1,0-2,0 hajmdagi quvvat agregatiga ega avtomobillar uchun boj qiymati 90 foiz ko`tarilib ketdi.
Natijada endilikda Rossiyada turkumiga qarab “Ravon R2” modeli 489-559 ming rubl (8,2 ming-9,3 ming AQSh dollari), “Ravon Nexia” 499-599 ming rubl (8,3-10 ming dollar), “Ravon R4” – 529-659 ming rubl(8,8-11 ming dollar), “Ravon Gentra” 569-699 ming rubl (9,5-11,7 ming dollar) narxda sotilayapti.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning birinchi choragida Rossiyada O`zbekistonning “Ravon” brendi ostidagi 4,1 mingta avtomobil xarid qilingan bo`lib, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 152 foiz ko`pdir.






