AsosiyJamiyat

O`tgan 4 yilda 7 ta, joriy yilning birinchi choragida esa 114 shaxs oqlangan

'O`tgan 4 yilda 7 ta, joriy yilning birinchi choragida esa 114 shaxs oqlangan'ning rasmi

2017 yilda jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 262 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. Joriy yilning birinchi choragida esa 114 shaxs oqlangan. Vaholanki, 2012-2016 yillarda bor-yo`g`i 7 nafar shaxs oqlangan edi.

Bu haqda O`zA muxbiriga O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi mas`ul xodimi Aziz Obidov ma`lum qildi.

Joriy yilda jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan shaxslarni aybsiz, deb topish va reabilitasiya qilish bilan bog`liq sud qarorlari o`rganib chiqilganda sudlar bu masalaga yanada mas`uliyat bilan yondoshayotgani ma`lum bo`lgan.

Xususan, birinchi instansiya sudlari tomonidan 55 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi (reabilitasiya uchun asoslar) asnosida 9 nafar shaxsga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi tugatilgan. Yuqori turuvchi instansiya sudlari tomonidan 50 nafar shaxs oqlangan va ularga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari tugatilgan.

Oliy sud Rayosati tomonidan 2 nafar shaxs va jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan esa 9 nafar shaxs oqlangan va reabilitasiya qilingan.

Tahlil natijalariga ko`ra, birinchi, apellyasiya va kassasiya instansiyalari sudlari tomonidan Qashqadaryo viloyatida - 29, Toshkent shahrida - 16, Toshkent viloyatida - 13, Surxondaryo viloyatida -7, Andijon viloyatida – 7, Xorazm viloyatida – 6, Qoraqalpog`iston Respublikasida - 5, Samarqand viloyatida - 5, Farg`ona viloyatida - 4, Jizzax viloyatida - 4, Sirdaryo viloyatida - 4, Navoiy viloyatida – 4 va Buxoro viloyatida 1 nafar shaxs oqlangan va reabilitasiya qilingan.

Oliy sud tomonidan ushbu sud qarorlari o`rganib chiqildi. Jinoyat ishlari bo`yicha e`lon qilingan ayblovlar dalillar bilan tasdiqlanmagani, taxminlar yoki mish-mishlardan iborat ma`lumotlar hamda nomaqbul dalillarga asoslangani bois sudlar tomonidan barcha qarorlar asosli ravishda chiqarilgan, deb topildi.

    Boshqa yangiliklar