O`zbekiston Yoshlar ittifoqi “Yoshlar oromgohi”da O`zbekiston Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat olib borayotgan ofiserlar uchun o`quv-seminarlari tashkil etildi. Mashg`ulotlarda yoshlarga oid davlat siyosati, Qurolli Kuchlar tizimidagi boshlang`ich tashkilotlar faoliyatining maqsad-vazifalari, bu borada xorij tajribasi va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish mavzularida ochiq muloqotlar tashkil etildi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrda “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo`mitasi hamda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining o`zaro hamkorlikdagi qo`shma qarori va mazkur tashkilotlar bilan O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 6 ta ikkitomonlama qo`shma qarorlari tasdiqlandi.
– Harbiy qismlardagi boshlang`ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish tizimini yo`lga qo`yish maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va hududiy Kengashlari apparatlarida Harbiy qismlarda yoshlar bilan ishlash bo`yicha bo`limlar tashkil etildi, – deydi ittifoqning Harbiy qismlarda yoshlar bilan ishlash bo`yicha bo`limi bosh mutaxassisi Gulchehra Ashurova. — O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo`shinlari, Davlat bojxona qo`mitasi tizimlarida 241 ta boshlang`ich tashkilotlari tuzildi. Hamkor tashkilotlar bilan imzolangan ikkitomonlama qo`shma qarorlarga asosan, Ittifoqning harbiy qismlardagi boshlang`ich tashkilotlarining nizomi va tashkiliy tuzilmalari tasdiqlandi. Boshlang`iich tashkilotning tashkiliy tuzilmasi boshlang`ich tashkilot etakchisi, madaniy-ma`rifiy va huquqiy targ`ibot yo`nalishi sardori, ijtimoiy-iqtisodiy yo`nalish sardori, harbiy-vatanparvarlik va ommaviy sport yo`nalishi sardori, ustoz-shogird yo`nalishi sardoridan iborat bo`lib, mazkur yo`nalishlarga bugungi kunga qadar 900 nafar sardorlar saylandi.
Yoshlar tashkiloti tarixchiligidagi ilk jarayon bo`layotganligi bois, ushbu o`quv-seminarda harbiy ofiserlar uchun yoshlar bilan ishlashning eng zamonaviy metodlari o`rgatilmoqda.
Ayni damda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo`mitasida ish boshlagan Boshlang`ich tashkilotlar orqali Ittifoq qariyb 30 yoshgacha bo`lgan 50 mingga yaqin yoshlarni birlashtirishni maqsad qilgan.
Seminarning birinchi kunida ishtirokchilar 5 guruhga bo`linib, faoliyatni sifatli va samarali olib borish uchun muhim bo`lgan barcha bilim va ko`nikmalarni egallashni boshlashdi. Master-klasslar qiziq, harbiylar faollikni qo`ldan boy bermadi.
Tushdan so`ng esa tanishuv va tashkilotlararo o`zaro ittifoqlashuv kechasi tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi Etakchilar Kengashi raisi tizimda haftaning har dushanbasi «Yoshlar ittifoqi kuni» deb rasman e`lon qilinganini ma`lum qilganda harbiylar yana bir bor Yoshlar ittifoqining jamiyatdagi o`rni va nufuzi soat sayin oshib borayotganini teranroq anglashdi.
Seminar o`quv-mashg`ulotlari davom etmoqda.






