Ma`lumki, 2018 yil 5 martda O`zbekiston Prezidenti «O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida» Qarorini imzoladi. Unga ko`ra mehnat migrantlari uchun qator imtiyozlar belgilangan.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi axborot xizmati xabariga ko`ra, Rossiya va Qozog`istonda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqayotgan fuqarolar valyuta hisobi ochish va maxsus «VISA-migrant» kartalari olish («Alokabank» orqali), plaskart va umumiy vagonlarga temir yo`l chiptalari (“O`zbekiston temir yo`llari” AJ orqali) yoki iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalarni (“O`zbekiston havo yo`llari” MAK orqali) 20 foizgacha chegirma bilan maxsus kasasalardan olish, shuningdek temir yo`l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so`m miqdorda beg`araz to`lovni bir yilda bir marta («Alokabank» orqali) olish uchun o`zlari yashab turgan tumandagi Bandlikka ko`maklashish markazlariga murojaat qilishlari va bo`lg`usi ish joyi, yo`l marshruti va ketish istagidagi sanasi ko`rsatilgan holda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining elektron ma`lumotlar bazasiga ro`yxatga olinishlari lozim.
Imtiyozli biletlarni sotish O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 3584-sonli Qaroriga asosan 2018 yil 1 apreldan boshlanadi.






