“Mahalla” xayriya jamoat fondi Mirzacho`l tumani bo`limi raisi Quvondiq Abduqodirov to`ylarni ixcham va kamchiqim qilib o`tkazishni o`z oilasidan boshlab berdi.
Tuman markazidagi Mustaqillik mahallasida 130 nafar mehmon ishtirokida o`tgan to`y ming kishilik to`ylarga qaraganda ko`proq “duv-duv” gap bo`ldi:
“Juda yaxshi ish qildi. Asl to`y shunday bo`ladi”. “O`zi bu ishda ham rahbarlar, mas`ul xodimlar shaxsiy ibrat ko`rsatishi kerak. Ana endi Quvondiq akaning to`yni ixcham, kamchiqim o`tkazish haqidagi talabiga hech kim e`tiroz bildirolmaydi”. “Ota-onasining gapini ikki qilmagan farzandlarga ham rahmat. Kelin-kuyovning do`stlari ham to`yni diskotekaga aylantirib yubormadi. Binoyiday tartibli o`tdi.”
Ko`pchilik shunday fikr bildirdi. Ammo “duv-duv” gaplar orasida “Birinchi kelini ekan, kattaroq qilsa ham bo`lardi. Amaldorligi uchun qo`rqqan bo`lsa kerak-da” deguvchilar ham topildi, albatta.
Bu gaplardan qat`iy nazar, Quvondiq aka va u kishining turmush o`rtog`i, tuman poliklinikasi hamshirasi Ra`noxon opa, qudalar –Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidan Pardaboy aka To`raboev to`yning chiroyli, mazmunli o`tganidan mamnun. Albatta, bu mamnunlik farzandlarining baxti, kelin-kuyov – tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassisi Abdimurod, Xalq bankining Oqoltin tumani filiali xodimi Dildora ota-otalarining fikriga qo`shilib, to`yni ixcham o`tkazishni ma`qullagani tufaylidir.
– Dabdabali to`ylar yoshlarning baxtli hayotini kafolatlamaydi, – deydi Ra`noxon Abduqodirova. – To`ydan so`ng yoshlarga uy-joy zarur. Shuning uchun farzandlarimizga namunali uylardan alohida turar joy olishida ko`maklashishni niyat qilganmiz.
To`ylarni ixchamlashtirishni aholi o`rtasida targ`ib qilishga, avvalo, mahalla mas`ul. Bu targ`ibotni samarali yo`lga qo`yishda fuqarolar yig`inlariga amaliy yordam ko`rsatish esa “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo`limining asosiy vazifasi. Ko`p yillardan buyon ushbu bo`limni boshqarib kelayotgan Quvondiq Abduqodirov vazifasiga qanchalik mas`uliyat bilan qarashini o`z oilasi misolida ko`rsatdi.
Qizilqumni o`zlashtirishning dastlabki yillarida paydo bo`lgan Mirzacho`l tumanidagi qishloq va mahallalarning o`ziga xos xususiyatlaridan biri ularning baynalmilalligidir. Azaldan o`zbek va qozoq tug`ishgan aka-ukadek yonma-yon yashab kelgan bu hududni o`zlashtirish davrida sobiq ittifoqda yashaydigan turli millat va elatlar vakillari ko`chib kelgan.
Asrlar davomida mahallada shakllangan qo`ni-qo`shnilarning yaxshi-yomon kunlarda birga bo`lish, barcha ishlarni bamaslahat hal qilish kabi o`lmas qadriyat va odatlar bugun ham insonlarni ezgu maqsadlar yo`lida birlashtirayotir. To`y-ma`rakalarni birgalikda o`tkazish ham ana shu umrboqiy an`analardan biridir.
Biroq to`ylarning yildan-yilga kattalashib, ortiqcha dabdababozliklar ko`payib borayotgani azaliy qadriyatlarga putur etkazib, odamlar o`rtasida tafovut yuzaga keltirayotgani ham ko`pchilikni tashvishga solayotgan edi. Shuning uchun to`y-ma`rakalarni ixchamlashtirish to`g`risidagi tashabbusni mirzacho`lliklar astoydil qo`llab-quvvatladi.
– To`ylarni ixchamlashtirish bo`yicha ko`p yillardan buyon davom etib kelayotgan targ`ibot kutilgan samara bermagani barchaga ma`lum, – deydi Q.Abduqodirov. – To`y-marosimlarning tobora milliylik, odob-axloq chegarasidan chiqib borayotgani ularni tartibga solish uchun huquqiy-me`yoriy hujjat zarurligini ko`rsatdi. Bu masalaga Prezidentimiz alohida e`tibor qaratayotganining sababi ham shu. Endi bu ish amalga oshadi, shunday davom etishiga yo`l qo`yish aslo mumkin emas. Mahallalarda targ`ibot ishlarini kuchaytirish bilan birga, aniq amaliy ishlarga e`tibor qaratamiz.
Bayram va to`ylar yurt tinchligi va farovonligi belgisidir. Bunday ulug` kunlarni ixcham, kamchiqim, hammabop, mazmunli o`tkazish uchun tumandagi qishloq va mahalla fuqarolar yig`inlari faollari targ`ibot ishlarini olib bormoqda. Bu ishda, birinchi navbatda, Quvondiq akaga o`xshagan, el orasida hurmat-e`tibor qozongan faollar, faxriylarning shaxsiy ibrat ko`rsatishi targ`ibot samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Toshqul Beknazarov, O`zA






