Andijon shahrining eski shahar hududida “Jome” me`moriy majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.
Andijonning eski shahar hududi keyingi yillarda yangicha qiyofa kasb etayotir. Mustaqillik ko`chasi barpo etildi, “Eski shahar dehqon bozori” zamonaviy ko`rinishda qaytadan qurildi. Hududda keng ko`lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Andijon tarixining ko`zgusi hisoblangan “Jome” me`moriy majmuasi yurtdoshlarimiz va xorijdan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun ziyorat qiladigan gavjum maskanlardan biriga aylanadi. 
Xalqimizning milliy urf-odat, qadriyatlarini o`zida ifoda etgan ushbu maskanning yo`laklari, majmuadan o`rin olgan har bir bino o`ziga xos, viloyat tarixini o`zida ifoda etadi. Ayniqsa, keng maydon o`rtasida barpo etilgan favvora, o`rnatilgan rang-barang yoritgichlar majmuaga o`zgacha chiroy bag`ishlaydi. Majmua tarkibidagi namozgohda sayyohlar namoz o`qishi uchun barcha sharoit yaratildi. 
Shuningdek, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi rekonstruksiya qilindi, viloyat amaliy san`at va badiiy hunarmandchilik markazi tashkil etilib, milliy ko`rinishdagi suvenirlar, sovg`alar sotiladigan 50 dan ortiq do`kon qad rostladi. Majmuadan Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Andijon viloyati bo`yicha davlat inspeksiyasi uchun ham bino ajratildi. 
Milliyligimizni o`zida mujassam etgan go`zal majmuaning qurilishi uchun 10 milliard so`mdan ziyod mablag` sarflandi.






