AsosiyJamiyat

Iqtisod fanlari doktori diniy oqimlarga mansublik ro`yxatidan chiqarildi

'Iqtisod fanlari doktori diniy oqimlarga mansublik ro`yxatidan chiqarildi'ning rasmi

Pop tumanida yashovchi A`zamjon Toshmatov (ismi-sharifi o`zgartirilgan) Koreya Respublikasiga 2000 yillarda o`qishga borib, bu erdagi oliy o`quv yurtida tahsil olish jarayonida diniy ekstremistik oqim a`zolari bilan bilib-bilmay muloqotga kirishib qoladi. Hayotidagi bu o`zgarishlar O`zbekistondagi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o`rganilib, unga jinoiy qidiruv e`lon qilinadi.

Bundan xabar topgan A`zamjon o`zi bilan bog`liq barcha materiallarni O`zbekiston tomoniga taqdim etadi. Ammo tayinli javob ololmagach, Vatanga qaytmaslikni yagona chora sifatida qabul qiladi va Koreyada mehnatini davom ettiradi.

Fuqaro 2017 yilda Davlat rahbari Shavkat Mirzieyovning diniy e`tiqod va huquqlar borasidagi siyosatidan xabar topib, portalga xat bilan murojaat qiladi. Shundan keyin uni qiynaydigan muammo atroflicha ko`rib chiqiladi va ona yurtiga qaytsa jinoiy taqib qilinmasligiga ishonchi o`yg`onadi.

Iqtisod fanlari doktori bo`lgan yigit nafaqat diniy oqimlarga mansublik ro`yxatidan chiqarildi, balki undan mamlakat taraqqiyoti uchun hissa qo`shish borasida taklif va mulohazalar bilan ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

– Ochig`i, o`zga yurtlarda sarson-sargardonlikdan ortiq azob-iztirob bo`lmasa kerak, – deydi A.Toshmatov. – Ikki nafar farzandim Koreyada tug`ildi. Prezident xorijdagi yoshlar ham O`zbekiston taraqqiyoti uchun o`z ilmi, bilimi va tajribasi bilan xizmat qilsa, barcha sharoitlarni muhayyo qilaman degan murojaati qalbimga katta o`t yoqdi. Vatanimga qaytgach, tergov jarayonlarida barcha narsaga oydinlik kiritildi. Hozir poytaxtdagi eng nufuzli oliygohda mehnat qilayapman. Shu bilan birga investisiyalar bo`yicha davlat dasturlari loyihalariga jalb qilinganman. Ta`lim sohasini takomillashtirish bo`yicha ham loyiha tayyorlayapman. Olib borilayotgan barcha islohotlarni nafaqat qo`llab-quvvatlayman, balki sidqidildan hissa qo`shayotganimdan mamnunman.

Namangan viloyati Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan ana shunday oilalardagi muhit ham o`rganilmoqda.

O`zAning xabariga ko`ra, ayni paytda davom etayotgan shunday ko`lami keng tadbirlar davomida 3-respublika ishchi guruhi tumandagi “Uyg`ur” MFYda bo`lib, 115 ta xonadonga kirdi va 131 ta muammoni aniqladi. 6-guruh “Pillakash” MFYda 350 ta xonadonda bo`lib, 250 ta muammoni aniqladi. 13-guruh “Yuqori Xonabod” MFYdagi 204 ta xonadonda bo`lib, 150 ta muammoni aniqladi.

O`rganish daomida to`plangan materiallar Respublika ishchi guruhi shtabiga taqdim etilmoqda. Shu erning o`zida muammolar bartaraf etilish choralari ko`rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar