Xalq orasida Toshkentdagi Sergeli mashina bozori («Iste`molda bo`lgan transport vositalari va ehtiyot qismlar Sergeli bozori» kompaniyasi) Toshkent viloyatiga ko`chiralayotgani haqida gap so`zlar tarqaldi.
Bu gap-so`zlar haqiqatga yaqinmi? Toshkent shahar hokimiyatining axborot xizmati bu haqda O`zAga ma`lumot berdi.
“Haqiqatan Sergelidagi mashina bozori Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga ko`chirilishi rejalashtirilgan. Biroq, Chinoz tumanida bozorga aylantirilishi kerak bo`lgan hudud talabga javob bermaganligi bois, bozorni ko`chirish qoldirildi. Chinoz tumanida mashina bozori uchun mo`ljallangan hududni tartibga keltirish lozim. Bu esa o`z o`rnida vaqt talab etadi. Ayni damda bozor qachon Chinoz tumaniga o`tkazilishi ma`lum emas. ”, deydi axborot xizmati vakili.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Sergeli tumanida keng ko`lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar aholi uchun qo`shimcha qulayliklar yaratish va fuqarolarning uy-joyga bo`lgan ehtiyojini qondirish maqsadlarini ko`zlagan. Tuman hududida joylashgan avtomobil bozori ortiqcha tirbandliklarga sabab bo`lib, aholiga qator noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Shu maqsadda hukumat mazkur bozorni Toshkent viloyati hududiga ko`chirish bo`yicha takliflarini bergan. Mazkur takliflar O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 10 iyul kuni Sergeli tumaniga tashrifi doirasida muhokama qilingan edi.






