AsosiyJamiyat

Namanganda ayanchli ahvolda yashayotgan oila

'Namanganda ayanchli ahvolda yashayotgan oila'ning rasmi

Shu kunlarda Namangan viloyati Pop tumanida ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish bo`yicha Respublika ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. 13 ta guruh tumandagi 77 ta mahallada xonadonma xonadon yurib, aholini muammolarini keng ko`lamda o`rganib bormoqda, deb yozadi O`zA.

Jumladan, 3- va 6-respublika ishchi guruhlari 18 mart kuni Pop tumanidagi “Nurobod” va “Ultarma” mahalla fuqarolar yig`inlari hududlarida bo`lib, oilalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish va aniqlangan muammolarni joyida bartaraf etish bo`yicha izchil ishlarni olib bordi. Bir kun davomida “Nurobod” mahallasida ellikdan ortiq xonadonda saksondan ortiq, “Ultarma” mahallasida 71 ta xonadonga kirilib, 34 ta muammo aniqlandi.

Jumladan, keng jamoatchilik e`tiborini tortadigan ayrim jiddiy muammolar ham aniqlandi. Xususan, 6-ishchi guruhga biriktirilgan “Nurobod” MFY hududidagi sobiq “Mashina traktor parki” hududidagi tashlandiq va yaroqsiz holatga kelib qolgan binoda istiqomat qilayotgan Botirovlar oilasi bilan suhbat o`tkazildi. Xonadonda 3 oila va 9 nafar kishi istiqomat qilmoqda.

O`rganish jarayonida oilaboshi Martavali Botirov 1961 yilda tug`ilgan bo`lib, hozirda fermer xo`jaligida mavsumiy ish bilan shug`ullanadi.

Sobiq MTP hududidagi boshqa inshoatlar ham nurab, qo`rqinchli holatga kelib qolgan. Ishchi guruhi bu erga borganida oila a`zolarida shamollash va yo`tal sababli kasallik alomatlari yaqqol sezilib turgan bo`lsa-da, iqtisodiy imkoniyati etarli bo`lmagani uchun davolanishga qurbi etmayotgani oydinlashdi. Oila bekasi Shahriniso Ergasheva 1967 yilda tug`ilgan. Uning aytishicha, muqaddam sil kasalligiga chalinib, dispanserda uch oy davomida muolajalarni o`tkazgan.

Sh.Ergashevaning pasporti 2012 yilda muddati nihoyasiga etgan bo`lib, hanuzgacha almashtirilmagan. Turmush o`rtog`i M.Botirovning pasporti yo`qolgan, qayta tiklanmagan.

Mashina traktor parkining eski binosi ortida fuqarolar tomonidan noqonuniy tashkil qilingan va hech qanday talablarga javob bermaydigan chiqindixonada sanitariya-epidemiya holati yuzaga kelgan. Atrofi ochiq va devorlar tortilmagan turarjoyda o`nga yaqin daydi itlar ham bu erda yashamoqda.

06.JPG
Ikki xonali nurab yotgan, deraza oynalari o`rniga turli mato parchalari, plyonkalar, yarim singan shishalar qo`yilgan bo`lib, qish mavsumida nihoyatda sovib, yozda chidab bo`lmaydigan darajada isib ketishi aniqlandi. Yashash binosi ichida o`choqli oshxona joylashgan.

09.JPG

Ko`mir va o`tin yo`qligi sababli, ovqat pishirish va uyni isitish uchun uy orqasidagi chiqindixonadan bolalar terib kelayotgan rezina parchalari, mayda shox-shabbalar, cho`plar yoqilmoqda. Uning zaharli tutuni esa shunday ham murakkab vaziyatda yashayotgan odamlarning sog`lig`iga zararli ta`sir ko`rsatayapti. Ichimlik suvi, tabiiy gaz yo`q, atrofni yantoq va begona o`tlar bosib yotibdi.

03.jpg
Ayniqsa, 2015 yilda tug`ilgan Otabek, 2013 yilda tug`ilgan Bahora, 2005 yilda tug`ilgan Yahyobekning ust-boshi yupun, gigiena holatlaridan yiroq, kasalmand va nimjon. Uy egalarining aytishicha, ular anchadan buyon to`yib ovqatlanmagan.

0404.jpg

Oqibatda bolalarning ijtimoiy moslashuvchanligi yo`qolgan, muloqot qilish qobiliyati kuzatilmadi, bolalarga zudlik bilan ruhiy-psixologik, ma`naviy va iqtisodiy, tibbiy yordam ko`rsatish zarurligi ayon bo`ldi. Oilaning daromad olish manbaasi yo`q. Oila boshlig`idan boshqa hech kim ishlamaydi. 13 yoshli Yahyobek 32-o`rta maktabning 6-sinf o`quvchisi bo`lib, maktab mutasaddilari unga qishki kiyim-kechaklar olib bergan.

08.JPG
Aniqlanishicha, Pop tumanining “Mahalla” xayriya jamg`armasi tomonidan mazkur oilaga 2016 yil dekabrda 500 ming so`m, 2017 yil 150 ming so`m yordam puli berilgan. Xonadon a`zolari doimiy ro`yxatda “Chortoq” MFYda tursa-da, amalda “Nurobod” MFY hududida yashayotgani sababli moddiy yordam yoki farzandlari uchun tegishli tartibga muvofiq nafaqa pulini ololmayapti.

02.jpg
“Chortoq” MFY maslahatchisi Halima Qo`chqorovaning aytishicha, 1995-1996 yillarda oilaga 12 sotixli er uchastkasi ajratilgan. Ammo noma`lum sababga ko`ra, ushbu er uchastkasi sotilib, Pop tumanidagi sobiq Xalqabod shaharchasi hududidagi ko`p qavatli uylardan xonadon sotib olingan. Keyinchalik uni ham sotishgan va MTP hududida qorovul bo`lib ishlagan M.Botirov oilasini bu erga ko`chirib olib kelishgan.

Oila vakillari Pop tumani 3-sektori hududida bo`lib, IIB boshlig`i S.Abdulhamidov ular holidan biror marotaba xabar olmaganini aytib o`tishdi. Qolaversa, pasport muammolari ham to`liq hal qilinmagan.

Pop tumanida 2018 yilda uy joyga muhtoj kam daromadli oilalarning 5 nafariga yashash uylari qurib berish rejalashtirilgan. Vaholanki, bu ro`yxatdan mazkur oila joy olmagani aniqlandi.

Mazkur mahallaga xizmat qiluvchi “Iskovut” qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Ilhomjon Anorqulov va uchastka shifokori Shirmonoy Hamralievaning aytishicha, oiladan hech kim sil kasalligi bo`yicha ro`yxatda turmaydi. Ammo M.Botirov bir vaqtlar mazkur hisobda turgan va sog`aygani sababli undan chiqarilgan. Shunga qaramay oila a`zolarining barchasini qayta tibbiy ko`rikdan o`tkazish va tegishli tibbiy yordam ko`rsatish maqsadga muvofiqdir.

Ishchi guruhi mazkur holat bo`yicha to`plangan ma`lumotlarni Respublika ishchi guruhi shtabiga taqdim etdi.

    Boshqa yangiliklar