AsosiyJamiyat

Lola Karimova-Tillaeva insholar tanlovi g`oliblarini e`lon qildi

'Lola Karimova-Tillaeva insholar tanlovi g`oliblarini e`lon qildi'ning rasmi

Joriy yilning yanvar oyida O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodning respublikamiz yangi tarixi xususidagi hamda mamlakatimiz davlat mustaqilligini qaror toptirish, xalqaro barqarorlikni ta`minlash va Vatanimizning tarixiy-madaniy merosini qayta tiklashda Islom Karimovning tarixiy xizmatlari borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida Islom Karimov fondi tomonidan talabalar o`rtasida insholar tanlovi o`tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Lola Karimova-Tillaeva Facebook’dagi sahifasida tanlov g`oliblarini e`lon qildi.

Islom Karimov nomidagi Fondning Vasiylik Kengashi raisi sifatida oliy o`quv yurtlari talabalari o`rtasida 22 yanvardan 22 fevralga qadar o`tkazilgan insholar tanlovi g`oliblarini mamnuniyat bilan e`lon qilaman.

Jami tanlovda respublikamizning 74ta oliy o`quv yurtining 485 nafar talabasi ishtirok etdi. Insholar quyidagi mezonlar asosida tekshirildi: fikrlarning ravon va to`g`ri ketma-ketlikda bayon etilganligi, mavzuning to`liq ochilganligi, mavzuga oid faktlar va misollarning o`rinli keltirilganligi, keltirilgan faktlar, misollarga berilgan shaxsiy fikr-mulohazalarning o`rinliligi, boshqa insholarga o`xshamasligi va alohida ajralib turish darajasi, badiiy yondashuvning mavjudligi va hokazo.
Tanlovga taqdim etilgan insholar o`z sohasida katta tajribaga ega atoqli tarixchi, siyosatshunos, va filolog olimlardan tashkil topgan maxsus komissiya tomonidan tahlil etilib baholandi.

I o`rinni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining V-bosqich talabasi Akromov Otabek qo`lga kiritdi. U 7 000 000 so`mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan Apple MacBook Air 13 8/256 GB noutbuki sovrindori bo`ldi.

II o`rinni Toshkent pediatriya tibbiyot institutining V-bosqich talabasi Shorustamova Malika egallab, 6 000 000 so`mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan Apple iRad Pro 10.5 4G 256GB plansheti sohibi bo`ldi.

III o`rin Toshkent davlat yuridik universitetining IV-bosqich talabasi Toshkanov Nurbekka berilib, u 5 000 000 so`mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan iPhone 8 64 GB smartfoni egasiga aylandi.

Ijodiy ishlari yuqori ball to`plagan quyidagi 7 nafar ishtirokchiga rag`batlantiruvchi sovg`alar, ya`ni Fond logotipi tushirilgan Kindle bukriderlari taqdim etiladi.
1. Xadyatullaev Abbosbek – Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti III-bosqich talabasi.
2. Temirova Rayxona – Buxoro davlat universiteti II-bosqich talabasi.
3. Nazirov Sardor – Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti I bosqich talabasi.
4. Saidxasilova Aziza – Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti I bosqich talabasi.
5. Kurtova Ekaterina – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, III bosqich talabasi.
6. Abduxamidov Lutfillo – Farg`ona politexnika instituti III bosqich talabasi.
7. Nizomiddinova Charosxon – O`zbekiston milliy universiteti II bosqich talabasi.
G`oliblarni taqdirlash tantanali marosimi 3 aprel kuni Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasida bo`lib o`tadi.
Karimov Fondi barcha g`oliblarni tabriklaydi va o`qishlarida omadlar tilaydi.
Islom Karimov nomidagi Fond 2016 yilning oktyabr oyida Lola Karimova-Tillyaeva va Tatyana Karimova tomonidan O`zbekiston mustaqilligi asoschisi va Birinchi Prezidentining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ta`sis etilgan. Ta`lim sohasida grant dasturlarini amalga oshirish Fond faoliyatining muhim yo`nalishardan biridir.

    Boshqa yangiliklar