O`zbekiston Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanalida O`zbekiston Konstitusiyasining 37-moddasiga ko`ra sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o`tash tartibidan yoki qonunda ko`rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanganligini bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, “Aholini ish bilan ta`minlash to`g`risida”gi Qonunning 2-moddasi hamda Mehnat kodeksining 7-moddasiga muvofiq, majburiy mehnat, ya`ni biron-bir jazoni qo`llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
Mehnatga biron bir shaklda ma`muriy tarzda majburlash eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Bu Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 51-moddasida belgilab qo`yilgan bo`lib, xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Vazirlikning ma`lum qilishicha, quyidagi ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi:
harbiy yoki muqobil xizmat to`g`risidagi qonunlar asosida; favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda; sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo`lgan ishlar (masalan, ma`muriy qamoqqa olingan shaxslardan jismoniy ishlarda foydalanish).






