AsosiyJamiyat

Buxoro — Miskin yangi temir yo`l liniyasida yo`lovchi poezdlar harakati boshlandi

'Buxoro — Miskin yangi temir yo`l liniyasida yo`lovchi poezdlar harakati boshlandi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 13 martdagi “Buxoro-Miskin temiryo`l liniyasini qurish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra bunyod etilgan mazkur yangi temir yo`l liniyasining umumiy uzunligi 355 km.ni tashkil etadi.

Uning 335 kilometrida yangi po`lat izlar yotqizilgan bo`lsa, 20 km masofadagi temir yo`l tubdan ta`mirlandi. Qurilish-montaj jarayonlari Buxoro tumanidan Miskin bekatigacha bo`lgan oraliqda, bir vaqtning o`zida har ikki tomonda olib borildi. Mazkur yo`nalishda 121 ta sun`iy inshoot, 12 ta ko`prik va 6 ta yo`l o`tkazgich qurib bitkazildi. Loyiha doirasida 21, 2 mln kubometr hajmdagi tuproq ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga ushbu yo`nalishda 5 ta stansiya (Yangiobod, Tuztepa, Uchachiq, Suzakdor, Dautepa) va shuncha ra`ezd ( Mashak, Azanir, Alabuga, Jakasay, Akchuka) ham barpo etildi.

2017 yil 1 dekabridan boshlab, mazkur temir yo`l liniyasi orqali yuk poezdlari qatnovi yo`lga qo`yilgan edi.

2018 yilning 20 martidan boshlab Toshkent — Urganch va Toshkent —Nukus — Qo`ng`irot yo`nalishidagi yo`lovchi poezdlar yangi qurilgan Buxoro — Miskin temir yo`l liniyasi orqali harakatlanishi boshlandi, deb yozmoqda “Xalq so`zi”.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, hozirgi kunga qadar Toshkent — Urganch poezdi 1027, Toshukent-Nukus-Qo`ng`irot poezdi 1327 kilometr yo`l bosib “Navoiy — Uchquduq — Miskin” magistrali orqali harakatlanayotgan bo`lsa, ushbu loyihaning qurib bitkazilishi bilan poezdlar qatnovi qariyb 100 km.ga qisqardi. Tabiiyki bu yo`l uchun ketadigan vaqtni, yonilg`ini va boshqa xarajatlarni tejashga zamin yaratadi.

Eng muhimi, Toshkent shahridan Urganch, Xiva, Nukus shaharlariga boradigan hamda mazkur shaharlardan Toshkent shahriga keladigan yo`lovchi poezdlarining harakatlanish vaqti qariyb 2 soatga qisqaradi. Toshkent —Saratov, Toshkent — Volgograd, Almati — Nukus, Andijon — Urganch, Nukus — Urganch — Termez poezdlarining ham ushbu yangi liniya orqali qatnovi yo`lga qo`yiladi. Albatta, bu yurtimizda turizimni rivojlantirish, sayyohlar oqimining yanada oshishiga zamin yaratadi.

Mazkur temir yo`lning ikkinchi bosqichida elektrlashtirish ishlari amalga oshirilib, bu yo`nalish orqali elektropoezdlar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy poezdlar qatnovi ham amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar