Jahon va Osiyo chempionatlari g`olib va sovrindori, qator xalqaro turnirlar g`olibi, “Uzbek Tigers” jamoasining sobiq a`zosi Elnur Abduraimov professional boksda faoliyatini boshlagani haqida xabar bergan edik.
Elnur 20 aprel kuni Las Vegasda o`zining professional boksdagi birinchi jangini o`tkazadigan bo`ldi.
Ushbu xabardan so`ng O`zA muxbiri Elnur Abduraimov bilan suhbatlashdi.
– Assalomu alaykum Elnur! Bu xabardan xursand bo`ldik. Aytiingchi ilk jang oldidan qanday tuyg`ular qalbingizdan o`tmoqda?
– Assalomu alaykum! Meni xar bir jang oldidan biroz hayajon bosadi. Biroq bu qisqa vaqt ichida o`tib, jangda zafar quchish haqida o`ylayman. Hozir ham shunday bo`lmoqda va men g`alaba qozonish haqida o`ylamoqdaman.
– Bilamiz professional boksda hech qachon oson jang bo`lmaydi. Siz ilk jangingizda kim raqib bo`lishini bilmaysiz. Bu sizga qiyinchilik tug`dirmaydimi?
– Albatta raqib kim ekanini hozirda bilmayman va bu biroz mashg`ulotlar jarayonida qiyinchilik tug`dirmoqda. Lekin Mayamidagi “Fight Promotion” klubida murabbiy Pedro Diaz bilan turli usulda mashg`ulotlar o`tkazmoqdamiz va raqib kim bo`lishidan qat`iy nazar g`alaba qozonishga bor kuch-g`ayratimni sarflayman.
– Professional boksda “NUR” taxallusi bilan janglarda ishtirok etishingiz haqida xabar topdik. Nega aynan “NUR” taxallusini tanladingiz?
– Men professional boksga endigina kirib keldim. Havaskor boksdagi musobaqalarda bir qator muhim musobaqalarda g`olib bo`ldim. Endilikdagi maqsadim professioan boks olamida yorqin nur kabi porlamoqchiman. Shuning uchun ham bu taxallusni tanladim.
– Samimiy suhbat uchun rahmat. Sportchilik faoliyatingizda ulkan g`alabalar doimo yor bo`lsin.
– Ilohim aytganingiz kelsin.






