AsosiyDunyo

Xitoyda 55 milliard daraxt ko`chati ekildi

'Xitoyda 55 milliard daraxt ko`chati ekildi'ning rasmi

Xitoyda “Arbor day” ya`ni “Daraxt o`tqazish kuni” har yilning 12 mart sanasida keng nishonlanadi. Xo`sh, nega aynan shu sanada? Albatta, bu tasodif emas.

12 martda xitoylik siyosiy va jamoat arbobi Sun Yatsen vafot etgan. Aynan u Xitoyda ommaviy tarzda daraxt o`tqazish g`oyasini ilgari surib, shaxsan o`zi namuna ko`rsatgan edi. Siyosiy arbobning xotirasini abadiylashtirish maqsadida boshlangan bu tashabbus hamon davom etmoqda. Bu bayram 1981 yilda rasmiy maqom oldi. O`sha yili Beshinchi Xitoy Xalq Milliy kongressi «Daraxt o`tqazish borasida umummilliy ko`ngilli kampaniyasini o`tkazish» borasida Rezolyusiya qabul qildi, - deb xabar beradi O`zA.

Mazkur hujjatga ko`ra, 11 yoshdan 60 yoshgacha bo`lgan har bir fuqaro bir yilda 3–5 ta daraxt ekish tavsiya qilinadi. Agar u yoki bu sabablarga ko`ra daraxt eka olmaganlar boshqa ishlarni, jumladan, gullarni parvarishlash, daraxtlarni butashlari kerak bo`ladi. Mazkur tashabbus mamlakat aholisi tomonidan qo`llab-quvvatlandi. Ma`lumotlarga ko`ra, har yili daraxt ekish kampaniyasida 600 millionga yaqin aholi ishtirok etadi. Shu kunga qadar ko`ngillilar tomonidan 55 milliarddan ortiq ko`chat ekilgan.

Hukumat 2020 yilga borib mamlakatdagi o`rmonlar hududi 40 million gektarga etishi uchun harakat qilmoqda. Yaqin 10 yilda buning uchun 26 milliard tup daraxt o`tkazish rejalashtirilmoqda.

Daraxt ekish kuni nafaqat Xitoyda, balki yo`q bo`lib ketayotgan o`rmonlarni tiklash, asrab qolish, atrofni ko`kalamzorlashtirish maqsadida boshqa mamlakatlarda ham o`tkaziladi. Masalan, AQShning Nebraska shahrida 1872 yildan beri daraxt ekish kuni nishonlanadi.

Jazoirda ham daraxt ekish kuni mavjud bo`lib, bu mamlakatda har yili 27 oktyabrda o`tkaziladi. Italiya, Belgiya, Portugaliya va Lesoto davlatlarida 21 martda, Braziliyada esa 21 sentyabrda “Daraxt ekish kuni” (Dia da Árvore) o`tkaziladi. Germaniyada bu kabi bayram (Tag des Baumes) 25 aprelga to`g`ri keladi. Misrda esa an`anaga ko`ra 15 yanvarda ommaviy daraxt ekish tadbirlari bo`lib o`tadi.

Kambojada 1 iyun, Keniyada 21 aprel, Kosta-Rikada 15 iyun, Makedoniyada 12 mart, Namibiyada 8 oktyabr, Nigerda 3 avgust, Polshada 10 oktyabr, Markaziy Afrika Respublikasida 22 iyul, Filippinda 25 iyun, Shri-Lankada 15 oktyabr, Tanzaniyada 1 yanvar, Ugandada 24 mart, Malavida dekabr oyining ikkinchi dushanbasi, Meksikada iyul oyining ikkinchi payshanbasida daraxt ekish bilan bog`liq umumxalq bayramlari o`tkaziladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada 5 aprel kuni, Yaponiyada 4 mayda “Ko`kalamzorlashtirish kuni” doirasida ommaviy tarzda daraxtlar ekiladi.

    Boshqa yangiliklar