AsosiyJamiyat

Navro`z — bunyodkorlik, birdamlik va rizq-ro`z bayrami

'Navro`z — bunyodkorlik, birdamlik va rizq-ro`z bayrami'ning rasmi

Qadriyatlarining ildizi ming yillarga tutashadigan, ma`naviyati boy xalqmiz. Millatimiz kechmishidan bunga ko`plab misollar keltirish mumkin. Ming yillardan buyon nishonlab kelinadigan Navro`z ham ko`hna qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Mutaxassislar Navro`zning qadimiyligini dalillashda Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asariga tayanishadi. Bunga “Shohnoma”dan, “Navro`znoma”dan, mumtoz shoiru adiblarimiz asarlaridan ko`plab misollar keltiriladi.

Nosiriddin Rabg`uziyning quyidagi so`zlari ham bu bayramning ildizi qadimiyat buloqlaridan suv ichishini ko`rsatadi:

Kun hamalga kirdi ersa, keldi olam Navro`zi,

Kechti bahman, zamharir qish, qolmadi qori, buzi.

Darhaqiqat, hijriy-shamsiy yil hisobi bo`yicha hamal oyining birinchi kuni Yilboshi – Navro`z bayrami hisoblanadi. Navro`zning bahorgi tengkunlikka to`g`ri kelishi zamirida ham chuqur ma`no bor. Bu hol milliy bayramimizning tabiat hodisalari bilan nechog`lik mutanosib ekanini ko`rsatishi jihatidan qimmatlidir.

Dono xalqimizda “Hamal kirdi – amal kirdi” degan naql bor. Bu naql, avvalo, odamlarning o`y-fikrlari, orzu-istaklarini ifodalaydi. Hamma yil obod kelishini istaydi. Chunki yilning obodligi odamlar hayotining farovon bo`lishi, ularning qalbida shukrona hissining kuchayishi demakdir. Boshqa oylardagi yog`ingarchilik ham ona-zamin uchun foydali. Ammo hamaldagisi erga ham, ekin-tikinning, bog`-rog`larning hosiliga baraka keltirishga eng muhim sababdir. Hosilning mo`l bo`lishi esa to`kin-sochinlik garovidir.

Navro`z va bahor egizak tushunchalardir. Bahor asli hamalning birinchi kuni – Navro`zdan boshlangan. Asrlar davomida bu kun yorug` umidlar bilan kutilgan. Yilboshini munosib nishonlash uchun navro`ziy taomlar pishirilgan. Sumalak – ana shu taomlarning biridir. Bu taomning nomi shu paytgacha forscha “se malak” (uch farishta), “si malak” (o`ttiz farishta) degan shakllarda izohlab kelindi. Ushbu so`zning etimologiyasi turlicha talqin etildi. Sharqshunos Abdusattor Jumanazar “Sumalak” maqolasida (“O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasi 2014 yil 28 mart) bu so`z turkiy tilga mansub ekanini isbotladi. Bunda muallif Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`otit turk” asaridan olingan quyidagi izohga tayanadi: “Suma – ivitilgan bug`doy nomi”. Ana shu o`zakdan yasalgan “sumalak” bizda bahorgi tengkunlikda pishirilgan milliy taom nomiga aylangan.

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday rivoyat keltirilgan: “Navro`z kuni Ali (roziyallohu anhu)ga kumush jomda holva hadya qilindi. Shunda ul zot so`raydi:

– Bu nima?

Javob berilgan:

– Navro`z tuhfasi.

Yana so`raldi:

– Navro`z nima?

– Ajam xalqlarining milliy bayrami.

Bu javobni eshitgach, Ali (roziyallohu anhu) holvadan eb, sahobalarga taqsim etadi va: “Koshki har kun Navro`z bo`lsa edi”, deydi.

Hazrat Alisher Navoiy quyidagi mashhur baytini ana shu rivoyat ta`sirida yozgan bo`lsa, ajab emas:

Har tunung qadr o`lubon, Har kunung o`lsun Navro`z.

Qadr kechasining ulug`ligi Qur`oni karim oyati bilan sobit bo`lgan. Hazrat Alisher Navoiy har kechang qadr tuni, har kuning Navro`z bo`lsin, degan xayrli niyatni bildirgan ekan, buning zamirida teran mohiyat mujassam ekani ayon. Bu – yorug` niyat. Uning amalga oshishi odamzod hayotining har bir lahzasi mazmunli, o`zi uchun ham, jamiyat uchun ham foydali bo`lishini ta`minlagan bo`lar edi.

Milliy va diniy qadriyatlarimizga ko`ra, bunday ayyom kunlarida keksalarning, yolg`iz va kam ta`minlangan kishilarning holidan xabar olish, ularning ko`ngliga quvonch bag`ishlash ulug` savob ishdir.

Abdug`ani SULAYMON

    Boshqa yangiliklar