O`zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb yozadi O`zA.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O`mon Sultonligining Meros va madaniyat vaziri Sayyid Haysam bin Tariq al-Sa`id hamda Vaqf va din ishlari vaziri Shayx Abdulla bin Muhammad bin Abdulla as-Salimiy ishtirok etdi. Ular institutda yaratilgan keng imkoniyatlar, muzey, ish xonalari, qo`lyozmalar saqlanayotgan kutubxona, laboratoriya bilan tanishdi. Ish jarayonlarini kuzatdi.
Mehmonlar nodir manbalar, toshbosma kitoblar, miniatyuralar, xattotlik namunalari, tarixiy hujjatlar kolleksiyalarining eng yaxshi namunalari joy olgan ko`rgazmani ko`zdan kechirdi.

Mazkur institut binosi 2009 yilda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning O`mon Sultonligiga tashrifi chog`ida ikki davlat o`rtasidagi imzolangan bitimga binoan ushbu davlat ishtirokida bunyod etildi.
Bino uch qavatli. Kiraverishdagi ichki markaziy atriumning balandligi 16 metrni tashkil etadi. Markaziy zalga kirgan odam uning dizaynidan o`rta asrlarning yirik namoyandalari – al-Xorazmiy, Mirzo Ulug`bek, Abu Rayhon Beruniyni yodga oladi.

Institutdagi 26 ming qo`lyozma va 40 mingga yaqin toshbosma to`plamlari noyob manba hisoblanadi. Ularning "yoshi" asrlar bilan o`lchanadi.
Yangi binoda “Yozma yodgorliklarni tadqiq etishning dolzarb vazifalari va zamonaviy uslublari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo`ldi. Turli davlatlardan kelgan olimlarning ilm-fan tarixi, buguni va istiqboliga oid ma`ruzalari tinglandi.







