2018 yil 13 mart kuni diniy idorada O`zbekiston yoshlar ittifoqi va O`zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida o`quvchi yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbirda Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 157 umumiy o`rta ta`lim maktabining 50 nafarga yaqin o`quvchisi ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlar idorasi matubot xizmati ma`lum qildi.
Tadbir Qur`oni karim tilovati bilan ochildi. Dastlab, o`quvchilarga diniy idoraning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma`lumot berildi. So`ngra, diniy idora xodimi Ishoqjon domla Begmatov so`zga chiqib, ta`lim va tarbiya, odob-axloq, yoshlar o`rtasida jinoyatchilikni oldini olish mavzusida ma`ruza qildi.

U o`z nutqida jinoyat sodir etish juda ham og`ir gunoh ekani, Qur`oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlardan qattiq qaytarilganini jonli misollar orqali ta`sirchan qilib, tushuntirdi. Jumladan, “Bir ishning gunoh ekanini bilgan odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, dinimiz, insoniylikka xilofdir. Odam o`ldirish, o`g`rilik, firibgarlik, tovlamachilik – bularning barchasi inson hayotiga zarar” deb ta`kidladi Ishoqjon domla.

Uchrashuv juda ham ko`tarinki ruhda, savol-javoblarga boy bo`ldi. O`quvchilar bugungi davra suhbatidan naqadar katta ma`naviy ozuqa olishganini ularning yonib turgan ko`zlaridan anglash mumkin edi.
Eslatib o`tamiz, 2018 yilning 5 yanvar kuni yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun O`zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan O`zbekiston musulmonlari idorasi o`rtasida hamkorlik qilish to`g`risidagi memorandum imzolangan edi. Hozirda ushbu memorandum doirasida hamkorlik ishlari davom etmoqda.






