18 aprel uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasi xodimlari kuni bo`ladi. Tegishli qonun loyihasi Parlamentning quyi palatasi deputatlari tomonidan 6 mart kuni o`tkazilgan navbatdagi majlisda tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
“O`zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasi xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlisga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritildi.
Ta`kidlanganidek, uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilishi natijasida uy-joy kommunal xizmatlar ko`rsatish, ko`p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish, shuningdek xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini oshirish bo`yicha samarali va sifatli yangi tizim shakllantirildi.
Ayni paytda uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida 157 ming nafardan ortiq xodim va xizmatchi faoliyat ko`rsatmoqda. Kommunal xizmat ko`rsatish sohasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, sadoqat bilan bajarilgan mehnatni rag`batlantirish maqsadida, qonun loyihasida Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tashkil etilgan kun – 18 aprelni Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilash taklif etilmoqda.
07.03.2018 08:01
18 aprel uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasi xodimlari kuni bo`ladi






