AsosiyJamiyat

2019 yildan boshlab tabiiy vinolar ishlab chiqarishga lisenziyalar bekor qilinadi

'2019 yildan boshlab tabiiy vinolar ishlab chiqarishga lisenziyalar bekor qilinadi'ning rasmi

Prezidentning 28.02.2018 yildagi «Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizasiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori imzolandi, deb yozadi Norma.uz.

Soha boshqaruvini restrukturizasiya qilish

«O`zvinosanoat-xolding» AJ – «O`zsharobsanoat» AJ deb, uning Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi esa «O`zsharobsanoat» AJning Rivojlantirish jamg`armasi deb qayta nomlandi. Kompaniya Vazirlar Mahkamasining Investisiyalar, innovasion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kirdi.

«O`zsharobsanoat» AJ tarkibidan sohaga oid bo`lmagan korxonalar chiqarildi, «Vinagroimpeks» MChJ esa tugatildi.

Uzum plantasiyalari yiriklashib, ularning soni ortadi

Samarali xom ashyo bazasini yaratish maqsadida Maxsus komissiya uzumning texnik navlari etishtiriladigan, shu jumladan fermer xo`jaliklari egaligidagi uzumzorlarni joyiga chiqib inventarizasiya qiladi, ulardan foydalanishning oqilonaligi va samaradorlik darajasini o`rganadi. 2018–2023 yillar davrida uzumning texnik navlari plantasiyasining Yagona reestri tuziladi.

Uzumning texnik navlari ekilgan har bir plantasiya maydoni kamida 100 gektarga yiriklashtiriladi. 2021 yilning oxiriga kelib «O`zsharobsanoat» AJ korxonalarining plantasiyalari maydoni esa 10 ming gektarga etkaziladi.

Bunda uzumning texnik navlarini etishtirish uchun er maydonlarini ajratish «O`zsharobsanoat» AJ va Geologiya va mineral resurslar davlat qo`mitasi bilan kelishilgan holda yuqori hosil olish uchun zarur bo`lgan tuproqning unumdorligi, suv bilan ta`minlash manbalarining mavjudligini hisobga olib amalga oshiriladi.

Uzumning texnik navlarini ishlab chiqaruvchilar esa 1.01.2025 yilga qadar muddatga, qishloq xo`jalik ekinlarini qator oralab etishtirishidan qat`i nazar, er solig`ini to`lashdan ozod etildi.

Bundan tashqari, MB vinochilik sohasini rivojlantirish maqsadida uzumning texnik navlari plantasiyalari uchun uskunalar, texnika, butlovchi ashyolar va boshqa zarur vositalarni sotib olish maqsadida amaldagi qayta moliyalash foiz stavkalari asosida imtiyozli muddati 5 yildan kam bo`lmagan uzoq muddatli 7 yillik imtiyozli kreditlar ajratilishini ta`minlaydi.

Tabiiy vino va konyak spirtini ishlab chiqaruvchilarga ishlash uchun sharoit yaratiladi

Xususan:

  • vinochilik korxonalari O`zbekistonda etarli hajmlarda ishlab chiqarilmaydigan, vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan va foydalaniladigan materiallar, xom ashyo, o`simliklarni himoya qilish vositalari va buyumlar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro`yxat asosida olib kirilishi uchun 1.01.2025 yilga qadar bojxona to`lovlarini (bojxona yig`imlaridan tashqari) to`lashdan ozod etildi.
  • 1.04.2018 yildan vinochilik mahsulotlari uchun yaroqlilik muddatini va ularni saqlash muddatini ishlab chiqaruvchilarning o`zlari mustaqil belgilaydilar;
  • 1.07.2018 yildan alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga o`z vinochilik mahsulotlarini turistik yo`nalishlarida tashkil etilgan zavodga tegishli degustasiya hududlarida (joylarida) chakana realizasiya qilish huquqi beriladi;
  • 1.01.2019 yildan tabiiy vinolar, vinomateriallar va konyak spirtini ishlab chiqarish, shuningdek, uzumni qayta ishlash bo`yicha faoliyatni uzumning meva beruvchi texnik navlarini etishtirish bo`yicha 100 gektardan kam bo`lmagan plantasiya maydoniga, shuningdek, vino-konyak mahsulotlarining saqlanishi va etilishi uchun eman bochkalariga ega korxonalar amalga oshirishlari mumkin;
  • 1.01.2019 yildan o`z uzumzor plantasiyalarining xom ashyosidan ishlab chiqarilgan tabiiy uzum vinolarini qishloq xo`jaligi mahsuloti toifasiga kiritgan holda, ishlab chiqarish bo`yicha faoliyatni lisenziyalash bekor qilinadi.

Soha uchun kadrlar tayyorlanadi

2018/2019 o`quv yilidan boshlab Toshkent kimyo-texnologiya institutida vinochilik sohasi uchun oliy malakali kadrlarni tayyorlovchi fakultet ish boshlaydi.

Kasb-hunar kollejlari o`quvchilari, oliy ta`lim muassasalari talabalari vinochilik sohasida mutaxassislik yo`nalishlari bo`yicha amaliyotni tizimli asosda bevosita ishlab chiqarish va o`zga korxonalarda, shu jumladan «O`zsharobsanoat» AJda o`taydilar.

Bundan tashqari, kompaniya mablag`lari hisobidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzurida Vinochilik sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Alkogolli mahsulotlarni realizasiya qilish tizimi qayta ko`rib chiqiladi

Hukumatga 1.06.2018 yilgacha muddatda alkogolli mahsulotlarni realizasiya qilishning bozor mexanizmlarini kengaytirish bo`yicha takliflar kiritish topshirildi. Ishlab chiqaruvchilarga o`zlarining mahsulotlarini ularga tegishli bo`lgan firma do`konlari hamda ushbu mahsulotlarning ulgurji savdosi bilan shug`ullanayotgan boshqa yuridik shaxslarga realizasiya qilish huquqi beriladi.

1.01.2020 yilgacha barcha alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, ularni ishlab chiqarish hajmlari (turi, nomi va boshqa ma`lumotlar) to`g`risida hamda «ishlab chiqaruvchi – ulgurji sotuvchi – chakana sotuvchi – iste`molchi» halqasi asosida realizasiya qilinishi to`g`risida batafsil axborotni o`zida jamlagan alkogolli mahsulotlar harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimi tuziladi. U 1.12.2022 yilga kelib to`la joriy etiladi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentga 2 oy muddatda ta`lim, sport muassasalari va diniy muassasalardan 500 metrdan kam radiusda alkogolli va tamaki mahsulotlarini realizasiya qilayotgan sub`ektlarni aniqlash topshirildi.

    Boshqa yangiliklar