Daniyalik arxitektor Yan Geyl poytaxtning sakkizta tumanida qulay yashil zonalar yaratish va shaharni piyodalar uchun qulayroq qilishda Toshkent hokimiyatiga ko`maklashadi.
Jahonga taniqli daniyalik arxitektor Yan Geyl Toshkentni obodonlashtirish bo`yicha master-plan tayyorlaydi. Bu haqda investisiyalar, innovasiyalar va turizmni rivojlantirish bo`yicha poytaxt hokimi o`rinbosari Alisher Tillaev Xalqaro press-klub jarayonida «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida ma`lum qildi.
Jamoat joylarini rejalashtirish va shaharlarda hayot sifatini yaxshilash bo`yicha ekspert Toshkent ma`muriyatiga poytaxtning 11 tumanidan sakkiztasida yashil zonalarni loyihalashtirish va ularni piyodalar uchun qulay qilishda yordamlashadi.
«Bizning ko`chalar haydovchilar uchun qulay qilib qurilgan, biroq piyodalar uchun juda kam qulayliklar mavjud», — deya tan oldi Alisher Tillaev.
Toshkent hokimiyati va Yan Geyl jamoasi bilan hamkorlik to`g`risidagi kelishuvga arxitektorning o`tgan yili poytaxtga tashrifi yakunlari bo`yicha shahar hokimi Rahmonbek Usmonov bilan uchrashganda erishilgan edi.
«Yan Geylning o`tgan yilgi master-klassi natijalari bo`yicha biz shahar qiyofasini qayta o`zgartirish bo`yicha hamkorlikda ishlashga kelishganmiz. Biz texnik topshiriqlarni imzoladik, shartnoma ustida ishlayapmiz», — dedi hokim o`rinbosari.
Shartnomaning umumiy qiymati 395 ming evroni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish muddati — 12 oy.
Hokim o`rinbosari shaharda daraxtlarni noto`g`ri kesish muammosi mavjudligini tan oldi. Normativ hujjatlar bor, biroq daraxtlarni shaklga keltirib kesishning aniq qoidalari mavjud emas. «O`zstandart» bilan daraxtlar yozda ham, qishda ham chiroyli shaklda bo`lishi uchun ularni to`g`ri kesish tartiblarini ishlab chiqishga harakat qilayapmiz", — dedi u.
O`zining 50 yillik faoliyati davomida professor Yan Geyl shaharlarda odamlar uchun jozibador va qulay muhitni yaratishga ta`sir ko`rsatdi. U Nyu-York, Kopengagen, Sidney, London, Melbrun va boshqa shaharlarda ko`chalar va jamoat joylarini qayta qurishdagi xizmatlari uchun ko`plab mukofotlarga loyiq ko`rilgan. Uning muallifligidagi oltita kitob, jumladan «Odamlar uchun shahar» asari 35 tilga tarjima qilingan.






