AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 2500 kishi pora berishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi

'O`zbekistonda 2500 kishi pora berishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi'ning rasmi

2017 yilda O`zbekistonda mansabdor shaxslarga pora berish bilan bog`liq 1,7 mingdan ortiq jinoyat ishi bo`yicha sud hukmi o`qilgan. Natijada 2,5 ming nafarga yaqin shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda O`zA yozmoqda.

Kuni kecha Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyati Qiziltepa tumani sudida Majburiy ijro byurosi Qiziltepa tumani bo`limi katta inspektori A.Xo`jaqulovga pora berishga uringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi.

Gap shundaki, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi aholi xonadonlarida elektr energiyasidan qanday foylanilayotgani o`rganilgan. Tarmoqqa noqonuniy ulangan, ya`ni hisoblagich o`rnatmasdan elektr energiyasidan foydalanayotgan xonadon aniqlangan va uy egasiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bu voqeadan keyin uy egasi aybini bo`yniga olib, tegishli jarimani to`lab, hisoblagich o`rnatmadi. Aksincha, nazoratchiga pora berishga urindi.

Ma`lum qilinishicha, aka-uka Jalolovlar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan ayblangan. Ular jinoiy til biriktirib, davlat organi mansabdor shaxsiga o`z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim bo`lgan muayyan harakatni ularning manfaatlarini ko`zlab bajartirmaslikka harakat qilgan. Noqonuniy holat bo`yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib 500 ming so`m miqdorda pul taklif qilishgan.

Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda barcha holatlar hisobga olingan. Ularning avval sudlanmagani, qaramog`ida voyaga etmagan farzandlari borligi, qilmishlaridan chin ko`ngildan pushaymonligi inobatga olindi. Qonunchiligimizdagi insonparvarlik, odillik prinsiplariga tayanib ularga bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Eslatib o`tamiz, pora berish jinoyat hisoblanib, bu qilmishni sodir etganlar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Jumladan, pora berish, ya`ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o`z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo`lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko`zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish - eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz barav arigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora berish takroran, xavfli residivist yoki ilgari pora olish, pora olish-berishda vositachilik qilish bilan bog`liq jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan amalga oshirilsa va ko`p miqdorda sodir etilgan bo`lsa - besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora berish juda ko`p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa - o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qolaversa, shaxsga nisbatan pora so`rab tovlamachilik qilingan bo`lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o`ttiz sutka mobaynida o`z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko`ngildan pushaymon bo`lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo`lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

    Boshqa yangiliklar