AsosiyJamiyat

Zamonaviy hisoblagichlar davlat ko`rigi 4 yildan 10 yilga uzaytiriladi

'Zamonaviy hisoblagichlar davlat ko`rigi 4 yildan 10 yilga uzaytiriladi'ning rasmi

Shu paytga qadar elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari har 4 yilda davlat ko`rigidan o`tkazib kelinardi. Endilikda bu jarayon elektr energiyasi va tabiiy gaz iste`molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida o`rnatiladigan hisoblagichlar uchun “O`zstandart” agentligi tomonidan 10 yilda amalga oshiriladi. Bunda hisobga olish uskunalarini davlat ko`rigiga topshirish bo`yicha ishlarni tashkil etish “O`zbekenergo” AJ, “O`ztransgaz” AJ va Majburiy ijro byurosi tomonidan ta`minlanadi. Shuningdek, iste`molchidan davlat ko`rigini amalga oshirish, xizmat ko`rsatish va boshqa ishlarni o`tkazish uchun echib olingan hisobga olish uskunasining o`rniga zudlik bilan “O`zbekenergo” va “O`ztransgaz” mablag`lari hisobidan boshqa uskuna o`rnatiladi.

O`zA muxbiri mazkur jarayondagi asosiy yangiliklardan aholini xabardor qilish maqsadida mutaxassislarga murojaat qildi.

Samandar Qoraev, “O`zbekenergo” mutaxassisi:

– Prezident qaroriga muvofiq Fransiyaning “Sagemcom” kompaniyasi va “Toshelektroapparat” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish uskunalari “O`zbekenergo” tomonidan o`rnatiladi. Amaldagi hisoblagichlar elektr energiyasi iste`molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanish uchun mos kelsa, foydalanish uchun yaroqli hisoblanadi. Aksincha, ular o`rniga yangi hisoblagichlar o`rnatiladi. Umuman, eski hisoblagichlarni yangilariga to`liq almashtirish muddati 2021 yil oxiriga belgilangan. Dastlab Toshkent shahri, viloyatlar markazlarida, keyingi bosqichda boshqa shahar va qishloq hududlari qamrab olinadi.

Behzod Berdiev, “O`ztransgaz” axborot xizmati boshlig`i:

– Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash bo`yicha Ishchi komissiya hozirgi kunda Fransiya va Germaniyaning etakchi kompaniyalari, “Toshelektroapparat” MChJ bilan muzokara olib bormoqda. Zamonaviy gaz hisoblagichlar o`rnatish muddati 3 yilga mo`ljallangan. Bu jarayon 3 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 28 shahar, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray va Yangiyo`l tumanlaridagi xonadonlarga 1 milliondan ortiq uskuna o`rnatiladi. Keyingi bosqichlarda mamlakat gaz ta`minoti tuman (shahar) filiallariga qarashli aholi xonadonlari qamrab olinadi. Rejaga ko`ra, zamonaviy gaz hisoblagichlari aholi xonadonlariga “O`ztransgaz” tomonidan o`rnatiladi.

    Boshqa yangiliklar