AsosiyJamiyat

Yurtdoshlarimiz uchun Umra mavsumi boshlandi

'Yurtdoshlarimiz uchun Umra mavsumi boshlandi'ning rasmi

Bugun 1 fevral kunidan o`zbekistonlik ziyoratchilar uchun muborak Umra safari boshlandi. Din ishlari bo`yicha qo`mita Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, bugun tongda 230 nafardan iborat dastlabki (4 nafar ishchi guruhi, 3 nafar oshpaz, 2 nafar shifokor) guruhi “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerida Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra amallarini bajarish uchun uchib ketdilar.

Joriy yilning 1 fevral kunidan 29 mart kuniga qadar o`zbekistonlik fuqarolarni umra ziyoratiga kuzatish va kutib olish rejalashtirilgan.

Bahorgi umra ziyoratida jami 8500 nafar fuqarolarimizning Toshkent – Jidda – Toshkent yo`nalishi bo`yicha 38 ta charter reysida safarlari tashkil etiladi.

Bahor mavsumida ziyorat 10 kunni tashkil etadi. Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun bo`ladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o`zbekistonlik 12 nafar ishchi guruhi, 170 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 42 nafar shifokor va 12 nafar oshpaz xizmat ko`rsatadi.

Ziyoratchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni kutib olish va mehmonxonalarga joylash ishlarini tashkil etish maqsadida 27 yanvar kuni o`zbekistonlik ikki nafar ishchi guruhi a`zosi Saudiyaga uchib ketgan.

O`zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100-150 metr masofada joylashgan “Maasa al-Buston”, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 600-650 metr uzoqlikdagi “Abroj al-Kisva” mehmonxonalari tayyorlab qo`yilgan. Mehmonxonalarning har bir xonasi muzlatgich, kondisioner hamda televizor bilan jihozlangan.

Ziyoratchilarimizning uch mahal ovqatlanishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida mehmonxonalarda oshxona, sog`liqlarini doimiy nazorat qilib turish uchun minishifoxona hamda turli masalalarda amaliy yordam ko`rsatish uchun ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan.

O`zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha – 4 kunduz bo`lib, bu erdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so`ng Makka shahriga yo`l oladilar.


    Boshqa yangiliklar