AsosiyJamiyat

Shaharlarda qurilayotgan arzon uy-joylardan olish uchun nima qilish kerak?

'Shaharlarda qurilayotgan arzon uy-joylardan olish uchun nima qilish kerak?'ning rasmi

Hozirda shaharlarda arzon uy joylar qurilmoqda. Uni kimlar olishi mumkin, arizani kimga topshirish kerak. Iltimos shu haqda ma`lumot bersangiz. Ushbu savollarga Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida javob berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-son qaroriga asosan, shaharlarda qurilayotgan 5, 7 va 9 qavatli arzon ko`p kvartirali uylardagi kvartiralarni jismoniy shaxslarga biriktirish tuman hokimliklarida tuzilgan hududiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Ko`p kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun turar-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan jismoniy shaxs hududiy komissiyaga (hokimiyatda joylashgan) quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

— ariza;

— qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar;

— uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan jismoniy shaxsning quyida ko`rsatilgan mezonlardan biriga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar:

o`z uy-joyining yo`qligi yoki eskirgan uylarda yashash;

bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;

ko`p bolali oila;

ona (ota)ning to`liq bo`lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;

ariza beruvchining oila a`zolari orasida surunkali kasallikning og`ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo`lgan shaxslarning mavjudligi;

oila tarkibida birinchi guruh nogironi mavjudligi;

turar-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;

tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta`limdan keyingi ta`lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar.

Hududiy komissiya har yili:

— joriy yil davlat dasturi doirasida qurilayotgan ko`p kvartirali uylardagi barcha kvartiralarni biriktirishni 1 fevralgacha bo`lgan muddatda tugallaydi;

— bo`lajak yilda quriladigan ko`p kvartirali uydagi barcha kvartiralarga potensial qarz oluvchilarning to`liq ro`yxatini 1 aprelgacha bankka taqdim etadi.

Jismoniy shaxs dastlabki badal mablag`larini unga kvartira biriktirilgandan keyin 60 kalendar kundan kechikmay 20406-son alohida jamg`arma depozit hisob raqamiga to`lashi shart.

Kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to`lanmagan taqdirda hududiy komissiyaning kvartirani jismoniy shaxsga biriktirish haqidagi protokol qarori o`z kuchini yo`qotadi.

    Boshqa yangiliklar