O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi Farmoni bilan “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Ushbu hujjatda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalari kabi sug`urta ham qayd etib o`tilgan.
Xususan, Dasturning 9-bandida davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi ta`sirini qisqartirish, uning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o`tkazish belgilab qo`yilgan. Ushbu tadbirni amalga oshirish mexanizmida javobgarlikni majburiy sug`urtalash turi qayd etilgan bo`lib, bunda sug`urta kompaniyalari tomonidan ushbu majburiy sug`urta turi bo`yicha takliflar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish lozim bo`ladi.
135-bandda tadbirkorlik va innovasion sohadagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish uchun venchur fondlar, venchur kompaniyalar va innovasion korxonalar faoliyatini tartibga solish bilan bir qatorda venchur loyihalarni sug`urtalash bo`yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish belgilangan. Venchur loyihalarga sug`urta himoyasini taqdim etish uchun sug`urta kompaniyalaridan sohaning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqib yangi xizmatlarni ishlab chiqish va innovasion echimlarni taklif etishni talab etadi.
Shuningdek, Dasturning 153-bandida ilg`or xorijiy tajriba asosida tibbiy sug`urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo`yicha konsepsiya ishlab chiqish belgilangan bo`lib, unda fuqaroning tibbiy va profilaktika xizmatlariga bo`lgan huquqlari tengligini, sug`urta polislariga asosan sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish kafolatini ta`minlash, tibbiy va profilaktika xizmatlari narxlari, sug`urta mukofoti va majburiyati, sug`urta tovoni miqdori, ularni hisoblash va to`lovni amalga oshirishni tartibga solish mexanizmlari, tibbiy sug`urta jamg`armasini tuzish, uning mablag`larini shakllantirish manbalari, jamg`arma mablag`larini boshqarish hamda ulardan foydalanish tartibi ko`zda tutilmoqda.






