AsosiyJamiyat

Ko`zbo`yamachilikka barham berish payti keldi

'Ko`zbo`yamachilikka barham berish payti keldi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 2017 yilning 30 sentyabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko`ra maktabgacha ta`lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o`rtasida sog`lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta`lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 dekabrdagi Maktabgacha ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan majlisida ham bu borada mutassadilarga aniq topshiriqlar berilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta`minlash maqsadida nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari ochish niyatida bo`lgan ko`plab tadbirkorlar bugungi kunda hududiy xokimliklarga murojaat etishmoqda.Ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib, viloyat xokimliklari tomonidan tuman va shaharlarda bo`shab qolgan joylar va binolarni ruyxatdan o`tkazish ishlari ham qizg`in pallaga kirgan. Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan o`tkazilgan tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, berilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlashda joylarda ko`zbo`yamachilik, topshiriqlarni noto`g`ri talqin qilish holatlari kuzatilgan. Xususan, nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`ini kengaytirish, davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi turdagi maktabgacha ta`lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida to`laqonli faoliyat ko`rsatayotgan davlat maktabgacha ta`lim muassasalarini xususiylashtirish, tadbirkorlarga berib yuborish holatlari uchrab turibdi. Joylardagi mutassadilar bir narsani yaxshi tushunib olishlari lozimki, faoliyat ko`rsatayotgan, zarur shart-sharoitlarga ega, tarbiyalanuvchilari soni belgilangan, talabga javob beradigan bog`chalarni xususiy sektor vakillariga nol qiymatda berib yuborish oqibatida, maktabgacha ta`lim muassasalarida ta`lim va tarbiya olayotgan bolalarning ta`lim olishida uzilishlar, tarbiyalanuvchilarni qamrab olish, moliyaviy muammolar kelib chiqmoqda.

Yana bir bor elsatish lozimki, moddiy-texnik bazasi talabga javob bermaydigan, faoliyat ko`rsatmayotgan maktabgacha ta`lim muassasalari faqatgina Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan rasmiy kelishilgandan so`ng xususiylashtirilishi yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga berilishi mumkin.
Shunday ekan, mazkur yo`nalishdagi ishlar Maktabgacha ta`lim vazirligi nazorati ostida bo`lib, fuqarolar va ularning farzandlari manfaatlari buzilmasligi uchun barcha kuchlar safarbar etilganligini ma`lum qilamiz.

Mazkur holatlar haqida xabardor fuqarolarimizni Maktabgacha ta`lim vazirligining (0371) 2553447, 2553458 telefon raqamlariga yoki mtvmdo@gmail.com elektron manziliga murojaat qilishlarini so`rab qolamiz.

    Boshqa yangiliklar