AsosiyJamiyat

Favqulodda vaziyatlar vazirligi is gazidan ehtiyot bo`lishga chaqirdi

'Favqulodda vaziyatlar vazirligi is gazidan ehtiyot bo`lishga chaqirdi'ning rasmi

O`zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni is gazidan ehtiyot bo`lishga da`vat etdi.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, respublikada so`nggi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir bo`lgayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog`liq. Ma`lumki is gazi (CO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng ko`p uchraydigan zaharli birikma bo`lib, tabiiy gaz, yoqilg`i, ko`mir, o`tin cho`g`lari to`liq yonmasligi oqibatida hosil bo`ladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi bo`ladi.

Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turargohlarida, yangi bo`yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan isitiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to`liq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.

Is gazi organizmga nafas a`zolari orqali ta`sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma — karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to`qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og`ir holatlarda esa — anoksiyaga olib kelishi hamda shu tariqa inson hayotdan ko`z yumishi mumkin.

Tahlillarga ko`ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko`ra yuzaga kelmoqda:

  • Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg`i (ko`mir, o`tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • Nostandart (qo`lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo`lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • Isitish pechlarining dudburonlarini noto`g`ri o`rnatish;
  • Gaz yoki boshqa muqobil yoqilg`iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • Havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko`mir va o`tin cho`g`lari)dan foydalanish;
  • Havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to`sib) qo`yish.

Yuqorida ko`rsatib o`tilgan sabablarga ko`ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg`i (gaz, ko`mir, o`tin va boshqa)ning chala yonishi natijasida is gazi hosil bo`ladi.

Yuqoridagi sabablarning kelib chiqishiga yo`l qo`ymang. Is gazidan zaharlanishdan ogoh bo`ling, deyiladi vazirlik xabarida.

    Boshqa yangiliklar