“Oltin qalam” IX Milliy mukofotiga ijodiy ishlarni qabul qilish yakunlandi. Mukofot jamg`armasi 181 million so`mni tashkil qilgan tanlovga 490 nafarga yaqin jurnalist gazeta, jurnallarda chop etilgan, tele va radioefirga uzatilgan 7,4 mingta ijodiy ishini taqdim etdi.
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sherzod G`ulomovning xabar berishicha, dastlabki yili tanlovda 1669 ijodiy ish bilan 136 jurnalist ishtirok etgan bo`lsa, o`tgan yili “Oltin qalam” VIII Milliy mukofoti uchun o`tkazilgan tanlovda 410 nafar jurnalist qatnashib, 6400 dan ziyod ijodiy ish taqdim etildi.
Tanlov o`tkazib kelinayotgandan buyon 3,4 ming nafarga yaqin jurnalist o`zining 50,5 mingdan ziyod ijodiy ishini taqdim etdi. Jurnalistik materiallarni tanlab olishda nafaqat ularning sifati, balki O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy islohotlar, demokratik huquqiy davlat hamda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning mazmun-mohiyatini tezkor, xolis va ishonchli aks ettirish tanlovning asosiy mezoniga aylandi. O`tgan davrda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga katta hissa qo`shgan, yuksak mahoratini namoyish etgan 194 nafar jurnalist g`olib va sovrindor bo`ldi.
Bu yil ham g`oliblar, odatdagidek, bosh mukofot va to`rtta asosiy nominasiya (bosma ommaviy axborot vositalari, televidenie, radio va internet-jurnalistika) bo`yicha aniqlanadi.
G`olib va sovrindorlar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va pul mukofoti bilan taqdirlanadi. BMT, YuNESKO, EXHT, Jahon banki, “Mintaqaviy muloqot” tashkilotining (Sloveniya) O`zbekistondagi vakolatxonalari o`zlari ta`sis etgan rag`batlantiruvchi mukofotlarni topshiradi.
Ayni paytda O`zbekistonda to`qqiz yuzdan ziyod gazeta va jurnal, qariyb yuzta tele va radiostansiya, to`rtta axborot agentligi, 320 dan ortiq internet-nashr faoliyat ko`rsatmoqda.





