Markaziy Osiyo mamlakatlarida umr ko`rish davomiyligi bo`yicha O`zbekiston birinchi o`rinda qayd etildi.
Bu haqidagi ma`lumotlar Xalqaro aloqalar bo`yicha Qozog`iston kengashi tomonidan taqdim etilgan “Markaziy Osiyoda 2018 yildagi eng muhim voqealar” tahliliy materialidan o`rin oldi.
Unga ko`ra, O`zbekistonda bu ko`rsatkich 73,8, Tojikistonda 73,7, Qozog`istonda 72,4, Qirg`izistonda 70,9 va Turkmanistonda 70,4 yoshga teng bo`lishi kutilayapti. O`z navbatida hayot uzviyligi bo`yicha mazkur muddat Markaziy Osiyo davlatlarida 90-yillardagiga nisbatan uzaygani ham ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, manbada keltirilishicha, o`tgan yilda mintaqa aholisi soni 70 millionlik marrani ortda qoldirdi. Odamlar yosh tizimidagi bunday o`zgarishlar ko`p jihatdan umr ko`rish davomiyligi ortgani va o`lim miqdorining kamaygani bilan izohlanayapti. Qolaversa, joriy yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida bolalar soni ortishi ta`kidlab o`tildi. Masalan, o`tgan yil boshida 14 yoshgacha bo`lgan yosh avlod vakillari qariyb 20,5 millionga etib, umumiy aholining 29 foizini tashkil etgandi. Joriy yilda esa bu ko`rsatkich aholining o`rtacha ko`payish sur`atlari saqlanib qolgan holda 30 foizga etishi prognoz qilinayapti.






