Munajjim Pavel Globa kelayotgan 2018 yil juda yaxshi, urush va inqiloblarsiz o`tadi, deb hisoblaydi, deya xabar berdi Sputniknews-uz. nashri.
2018 yilda dahshatli tabiiy ofatlar ham bo`lmas ekan.
Ko`rga hassadek
Pavel Globa — men ilgari faqat televizorda ko`rgan inson hayotda juda cho`rtkesar va qat`iy odam ekan. U yana Comedy Club rezidenti Garik Martirosyanga judayam o`xshab ketarkan.
Munajjimning matbuot anjumani Moskvada, Jurnalistlar markaziy uyida bo`lib o`tdi. Zalda odam judayam oz edi.
Tanga emas, patnis tashlasangiz erga tushadigan darajada oz edi.
Pavel Globa diqqatini bir joyga jamlagan holda edi. U oldiga bir uyum kitob qo`ydi. Munajjim dahshatli bashoratlarni aytish chog`idagi tantanali-xo`mraygan qiyofada edi. Troyaning halokati haqida aytayotganda Kassandraning ko`rinishi ham xuddi shunaqa bo`lgan bo`lsa kerak. To`g`ri-da, bunaqa paytda kulinmaydi.
Afsuski, men tantanali vaziyatga to`liq e`tiborimni qarata olmadim. Kerak bo`lmagan vaqtda komik Martirosyanni eslaganim uchun sahnada aynan uni tasavvur qila boshladim. Comedy boshlovchisi xuddi ana shunday qiyofada pianino chalishga o`tirardi.
Pavel Globaning birinchi qilgan ishi yig`ilganlarga Ukrainada 2014 yilda urush boshlanishi va uning bo`linib ketishi haqidagi bashorati chop etilgan "Exo planet" jurnalining 2009 yildagi sonini ko`rsatish bo`ldi.
Matbuot anjumanidan keyin hamkasblarimdan biri unga shubha bilan savol berdi: "Buni aynan siz bashorat qilganmisiz?"
Mana shu erda Pavel Globa artistlik bobida Martirosyandan ham o`tib tushdi. U jurnalning qaysidir sahifasini ochib, qaysidir matnga barmog`ini niqtadi va xitob qildi: "Mana! Ko`rga hassadek qilib yozib qo`yilgan! O`qing!"
Bu judayam ajoyib chiqdi. Men bo`lsam hozirgi blokbasterlar davrida eski sovet aktyorlik maktabining yutuqlari hali ham o`lmaganidan xursand edim. Bunday manzarani ko`rganida Stanislavskiy ham yig`lab yuborar va "Ishondim" degan bo`lardi.
Urushlarsiz, lekin keskinlik bilan
So`zining boshidayoq Pavel Globa bashorat yulduzlarni kuzatish asosida tuzilmaganini bildirdi. Yulduzlarni kuzatadigan munajjim – bu shunchaki tasavvur xolos. 2018 yil uchun bashorat o`nlab yillar davomida aynan It yilida sodir bo`lgan hodisalar asosida tuzilgan.
"Agarda bu hodisalarni tahlil qiladigan bo`lsak, qiziq qonuniyatlarga duch kelishimiz mumkin", — dedi munajjim.
Globaning fikricha, 2018 yilda shov-shuvli sud jarayonlarini kutish mumkin. Jahon tarixidagi eng shov-shuvli sudlardan biri It yilida bo`lib o`tgan. 1946 yilgi Nyurnberg tribunali nazarda tutilmoqda.
Munajjim 2018 yilda 2020 yilga kelib davrlar o`zgarishiga olib keladigan qandaydir ijtimoiy jarayonlar boshlanishini kutmoqda. Qudratli davlatlardan birida hokimiyat o`zgarishi ehtimoli ham bor.
Rossiyada bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovlari natijalari haqida hech narsani bashorat qilmagan Globa ko`plab jurnalistlarning hafsalasini pir qildi.
"Bashorat tuzishim uchun nomzodlarning soat nechada tug`ilganliklarini aniq bilishim kerak, — dedi munajjim. – Pasport va anketalarda esa bunday ma`lumotlar yozilmaydi".
Globa It yilida urushlar, inqiloblar va to`ntarishlar kutilmasligini aytdi.
"Hech qaysi it yilida bunday hodisalar sodir bo`lmagan, — ishontirdi u. — It yili – yangi davr oldidan o`ziga xos nafas rostlash".
Yakdil jamoa – ulkan imkoniyatlar
"It yilida yagona jamoa bo`lganlarga oson bo`ladi, — dedi Pavel Globa. — Jamoada bo`lish kerak bo`lgan murakkab davr kelmoqda. Kim bilandir birga bo`lish, umumiy manfaatlarni himoya qilish kerak. Va albatta jamoaning qo`llab-quvvatlashiga suyanish lozim bo`ladi. Sizni qo`llab-quvvatlashganida istaklaringizni amalga oshirish uchun imkoniyat paydo bo`ladi".






