Mashhur san`atkor 1938 yilning 3 yanvar kuni Namanganda tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutini tugatgandan so`ng, 1958 yildan beri Hamza nomidagi O`zbek Davlat akademik drama teatri aktyori, 1992 yildan esa shu teatrning direktori lavozimida faoliyat ko`rsatdi.
“Kun.uz” nashrining yozishicha, Yoqub Ahmedovni keng san`at muxlislariga tanitgan ilk obraz - bu Turob To`la ssenariysi asosida, rejissyor Y.A`zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan «Furqat» filmidagi Furqat obrazi bo`ldi. Shundan keyin Yo. Ahmedov kinoda 30 ga yaqin obraz yaratib, o`zbek kino san`atida ham o`z o`rniga ega bo`ldi. U yaratgan Okxoy («Ganga qizi»), Azizbek («O`tgan kunlar»), Amir Olimxon («Qora konsulning halokati»), Shayx («Hamza»), Sultonali («Mehrobdan chayon») va boshqa obrazlarni alohida ta`kidlash o`rinlidir.
Shuningdek, Yoqub Ahmedov «O`zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan 400 dan ortiq filmga ovoz berdi. Taniqli san`atkor «Alisher Navoiy», «Ulug`bek xazinasi», «Diyonat», «Girdob», «Ichkuyov» va boshqa videofilmlarda ham etakchi rollarni ijro etdi.
Yoqub Ahmedovning sermahsul ijodi «O`zbekiston xalq artisti» unvoni, 1977 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1997 yilda «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlandi.






