O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan Andijon viloyati hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda “Andijon – Toshkent” yo`nalishida yo`nalishli taksi ochish bo`yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
“Andijon – Toshkent” yo`nalishli taksini yo`lga qo`yish maqsadida mart oyi boshida “Andijon avtoshohbekati”, “Uzumzor” va “G`avs” avtostantsiyalarining holati, ushbu stantsiyalardan “Andijon – Toshkent” yo`nalishida qatnayotgan engil avtomobillar soni O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, mahalliy hokimiyat va mutasaddi idoralar tomonidan komissiya tartibida o`rganib chiqilib, poytaxt va Andijon viloyati o`rtasida yo`nalishli taksi yo`nalishini ochishga doir takliflar ma`qullangan edi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov rahbarligida shaharlar va viloyatlararo va xalqaro yo`nalishlarni joylashtirish uchun ochiq tenderlar o`tkazishni tashkil etish masalalari bo`yicha idoralararo komissiya a`zosi, Agentlikning me`yoriy hujjatlar ishlab chiqish bo`limi boshlig`i G. Magay hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida “Uzumzor” avtostantsiyasida yig`ilish o`tkazilib, avtostansiya holatini yo`lovchilar va avtotransportlar xavfsizligini ta`minlash talablariga muvofiqlashtirish bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi. Zero, ta`kidlanishicha, ushbu avtostantsiya “Andijon – Toshkent” yo`nalishida yo`nalishli taksilarning Andijon shahridagi oxirgi bekati bo`lishi rejalashtirilmoqda. Shu bois ham “Uzumzor” avtostansiyasini qisqa muddatlarda “Yo`lovchilar avtovokzallari va avtostansiyalari to`g`risidagi Nizom” talablariga asosan 4-toifaga muvofiqlashtirish doirasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar yuzasidan yig`ilish qarori qabul qildi.
Idoralararo komissiya a`zosi G.Magayning yig`ilishda ma`lum qilishicha, “Andijon – Toshkent” yo`nalishli taksi yo`nalishini ochish uchun zarur hujjatlar tez orada manfaatdor vazirlik va idoralar yordamida belgilangan tartibda ishlab chiqiladi.
“Andijon – Toshkent” yo`nalishli taksi yo`nalishining tashkil etilishi engil avtomobillar yo`lkira bahosidan sezilarli darajada kam narxda sifatli avtotransport xizmatidan foydalanish imkonini beradi. Qolaversa, professional tashuvchi korxonalarda qat`iy tartibda avtotransport vositalarining kunlik texnik ko`rikdan, haydovchilarning esa kunlik tibbiy ko`rikdan o`tkazilishi sifatli va xafsiz avtotransport xizmati tashkil etilishiga omil bo`ladi.
Belgilangan tadbirlarga ko`ra shu kunlarda “Uzumzor” avtostansiyasini talablarga moslashtirish bo`yicha ishlar jadal sur`atlarda boshlab yuborilgan.





