Yana bir necha kundan so`ng, ya`ni 26 dekabr kuni “O`zEOAVMA media holl”da (“Zarafshon” kino-konsert zali) O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi ko`magida Ijtimoiy teleradiomahsulotlar IX milliy festivali o`tkaziladi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a`zolari, Parlament komissiyasi a`zolari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Milliy festivalni tashkil qilishdan ko`zlangan maqsad – bugun aholi, xususan, yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, umuminsoniy qadriyatlar, o`zbek xalqining an`ana va urf-odatlarini asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga etkazish, insonparvarlik va mehr-muruvvat g`oyalarini olg`a surish, giyohvandlik kabi insoniyat oldida turgan boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalariga alohida e`tibor berilayotgan bir paytda shu mavzularda ta`sirchan ijtimoiy roliklarni tayyorlash, bu yo`nalishda faoliyat yurituvchi ijodkorlarni qo`llab-quvvatlash, ularni munosib rag`batlantirishdir.
Festivalda quyidagi nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanadi va taqdirlanadi:
1. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag`ishlangan eng yaxshi ijtimoiy rolik;
2. 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi jarayonlarini yoritishga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy rolik;
3. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturining mazmun-mohiyatini aholi, xususan, yoshlar o`rtasida keng targ`ib qilishga bag`ishlangan eng yaxshi ijtimoiy rolik.
Festival haqidagi Nizomga binoan O`zEOAVMA Ekspertlar kengashi tomonidan tanlovga kelgan talabnoma va materiallar ko`rib chiqilib, tanlovning har bir nominasiyasi bo`yicha uchtadan nomzodlarning ijodiy ishlarini tanlov Hakamlar hay`atiga g`olibni aniqlash uchun tavsiya etadi. Har bir nominasiya bo`yicha g`oliblar taniqli jamoat arboblari, soha mutaxassislari va ekspertlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan ishtirokida shakllantirilgan hakamlar hay`ati tomonidan to`g`ridan-to`g`ri onlayn ovoz berish yo`li bilan aniqlanadi. G`oliblar maxsus diplom, statuetka va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
* Ma`lumki, O`zEOAVMA tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Parlament komissiyasi ko`magida joriy yilda nodavlat teleradiouzatuvchilar ijodiy guruhlarini rag`batlantirish maqsadida 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan “Jurnalistlar bahori” an`anaviy tanlovi, mamlakatimiz mustaqilligi arafasida “Ozod yurt to`lqinlari” media-festivali, noyabr oyida yurtimizda OAVga yaratib berilgan shart-sharoitlar, ular erishayotgan yutuqlarga bag`ishlangan xalqaro konferensiyalar muvaffaqiyatli tashkil etildi.










