Prezidentimiz Islom Karimovning Navro`z bayramiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so`zi katta qiziqish bilan o`rganilmoqda.
Davlatimiz rahbari deyarli har bir chiqishida mamlakatimiz yoshlariga murojaat qiladi. Ularga o`zining mehri va ishonchini bildirib, har tomonlama barkamol, fidoyi va vatanparvar bo`lishga undaydi.
Navro`z bayramiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so`zida Yurtboshimiz yoshlar masalasiga yana bir bor e`tibor qaratib, «...o`zligini, o`z qadr-qimmatini, Vatani oldidagi o`z burchini chuqur anglagan, o`z oldiga baland marralar qo`yib, dunyodagi barcha tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor farzandlarimni bizning ishonchimiz va tayanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz, deb yuksak qadrlaymiz va siz yoshlarimizni e`zozlab kamol toptirishda o`zimizni hech qachon ayamaymiz», deya ta`kidladi.
Mamlakatimiz istiqlolga erishganidan keyin atigi ikki oy o`tib, 1991 yil 20 noyabrda “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to`g`risida”gi qonun qabul qilingan. Sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ta`lim tizimini rivojlantirish, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar tashkilotlarini qo`llab-quvvatlash borasida keng ko`lamli chora-tadbirlar belgilangan.
O`sha paytda ko`plab iqtisodiy-ijtimoiy muammolar mavjudligiga qaramay, bu masalaga birinchi galdagi vazifa sifatida e`tibor qaratilgani bugun o`z samarasini bermoqda. Mustaqillik yillarida tug`ilib, kamolga etgan yoshlar etakchi kuch bo`lib hayotga kirib kelmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Ularning manfaatlarini ta`minlash, iste`dod va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy shart-sharoitlar yaratilgan. O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va yigirmadan ortiq qonunda yoshlar masalasi o`z ifodasini topgan.
Prezidentimizning qator farmon va qarorlari yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol etib voyaga etkazishga xizmat qilmoqda. Har yilga muayyan nom berilishi munosabati bilan qabul qilinayotgan davlat dasturlari samarasida yoshlarning hayotiy muhim masalalari hal etilmoqda. O`z saflarida 5,5 million yigit-qizni birlashtirgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar o`rtasidagi ijtimoiy hamkorlik bu borada alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ta`sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, «Nihol» mukofoti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi va boshqa stipendiyalar iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda rag`batlantirishda muhim omil bo`lmoqda. Yosh sportchilarni kamolga etkazish maqsadida «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari muntazam o`tkazilmoqda.
Mamlakatimizda o`g`il-qizlarning nafaqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, balki ma`naviy tarbiyasiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Yoshlar milliy o`zligimiz, boy ma`naviy qadriyatlarimiz asosida tarbiyalanayotir.
...Yaqinda internetda shunday ma`lumotga duch keldim: bugun Evropada har ikki nikohdan bittasi bekor bo`layotgan ekan. Buning sababi yoshlar o`rtasidagi axloqsizlik, ularning oilaviy hayotga tayyor emasligi, mas`uliyat va qiyinchiliklarga chidamsizligi ekani qayd etilgan. Atigi o`n yil ilgari ushbu ko`rsatkich har uchtadan biriga to`g`ri kelgani hisobga olinsa, bu jarayon qanchalik tezlashib borayotgani yaqqol namoyon bo`ladi.
Ma`lumki, o`tgan asrning 60-yillarida AQSh va Evropa mamlakatlarida ro`y bergan jinsiy erkinlikni targ`ib qilishga qaratilgan “inqilob” odamlarning turmush tarzini, ma`naviy-madaniy qadriyatlarni keskin o`zgartirib yubordi. Yoshlar o`rtasida axloqiy buzuqlik, tiyiqsizlik oddiy holga aylandi. Kayfu safo, engil-elpi hayotga o`rgangan yoshlar o`qish, ishlash, farzand tarbiyalashga ortiqcha tashvish, deb qaraydigan bo`ldi.
Bu illatlar ta`sirida bugungi kunda ko`plab taraqqiy etgan davlatlarda oila instituti emirilib borayotgani sir emas. Tug`ilish darajasi yildan-yilga kamayib, mehnatga layoqatli kishilar bilan aholining boshqa qatlamlari o`rtasida juda katta tafovut paydo bo`lmoqda. Bu pensiya ta`minoti, soliq siyosati, emigrasiya oqimi bilan bog`liq bir talay ijtimoiy-siyosiy muammolarni keltirib chiqarayotir.
Jahon yoshlari orasidagi yana bir muammo ishsizlikdir. Xalqaro mehnat tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, yoshlar o`rtasida ishsizlik yildan-yilga ko`payib borayotir. Evropadagi ayrim mamlakatlarda yoshlar o`rtasidagi ishsizlik darajasi 60 foizga etgan...
Bugun jahonda kuzatilayotgan bunday xavotirli holatlar qiyosida davlatimizning yoshlarga oid siyosati naqadar to`g`ri va asosli ekanligi yanada yaqqolroq namoyon bo`ladi. Mamlakatimizda yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, oilalarni mustahkamlash, sog`lom avlodni voyaga etkazish, yoshlarni ish bilan ta`minlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta`lim tizimi izchil rivojlantirilib, yoshlarimizning zamonaviy asosda bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Maktabni tamomlagan yoshlar o`rta maxsus ta`lim tizimiga, kollej bitiruvchilari ish va o`qishning keyingi bosqichlariga to`liq qamrab olinmoqda.
2013 yilda kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafardan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta`minlandi. O`z xususiy biznesini ochib, shu soha bilan shug`ullanishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga 140 milliard so`mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi.
Yoshlarning maishiy shart-sharoitlarini yaxshilash masalasi ham doimiy e`tiborda. Prezidentimizning 2007 yil 18 mayda qabul qilingan «Yosh oilalarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoni mustaqil hayotga qadam qo`yayotgan yoshlarga katta madad bo`lmoqda. Har yili yosh oilalar uchun uy-joy qurish ishlariga milliard-milliard so`mlik kreditlar ajratilib, yangi uylar foydalanishga topshirilmoqda. Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlar turar-joy bilan ta`minlanib, ularning oila qurib, hayotda o`z yo`lini topishiga katta ko`mak berilayotir. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar oilalar, jumladan, yoshlarning turmush sharoitini, dunyoqarashini o`zgartirmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 fevraldagi «O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorida yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, islohotlar jarayonidagi faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish va ish bilan ta`minlash bo`yicha keng ko`lamli vazifalar belgilangan. Ularning amalga oshirilishi mamlakatimiz yoshlarining huquq va manfaatlarini ta`minlab, orzu-intilishlarini ro`yobga chiqaradi.
Yillar o`tgani, jamiyat rivojlangani sari yoshlar ham o`zgarib boraveradi. Doimiy e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatilsa, ular jamiyatning ishonchi va tayanchiga aylanadi.
O`zbekiston ana shunday mustahkam tayanchga ega mamlakat. Uning barcha boyliklaridan-da qadrliroq xazinasi – yuksak ma`naviyatli va salohiyatli yoshlari hamda ularni mening farzandlarim deb e`zozlaydigan, muntazam g`amxo`rlik qiladigan Prezidenti bor.
Anvar SAMADOV,
O`zA sharhlovchisi





