AsosiySiyosat

AFG`ONISTON PREZIDENTI TOShKENTGA KELDI

'AFG`ONISTON PREZIDENTI TOShKENTGA KELDI'ning rasmi

Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan 4 dekabr kuni Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G`ani rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Prezident matbuot xizmatining xabarida aytilishicha, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Qisqa suhbatdan so`ng Afg`oniston delegasiyasi o`zi uchun ajratilgan qarorgohga yo`l oldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6 dekabr kunlari bo`lib o`tadi.

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi uchrashuvlarda O`zbekiston va Afg`oniston munosabatlarining bugungi holati va uzoq istiqbolga mo`ljallangan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini muhokama qilish, mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash masalalari va dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, fan-ta`lim va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, tijorat shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Afg`oniston Prezidentining O`zbekistonga tashrifi dasturidan, shuningdek, Buxoro shahrini ziyorat qilish ham o`rin olgan. Oliy martabali mehmon Buxoro davlat universiteti professor-o`qituvchilari va talabalari bilan uchrashadi hamda ular huzurida ma`ruza qiladi.

    Boshqa yangiliklar